$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

6 yil ichida oliy ta’lim qamrovi 41 foizga oshgan

ot qamrov

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2017-2023-yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasida ro‘y bergan institutsional o‘zgarishlar va qabul qilingan qonunlarning amaldagi ijrosini tahlil qildi.

Tan olingan baholash 

Unga ko‘ra, o‘rta ta’limda 2018-yilning 8-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror respublikamizda jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan baholash amaliyotining tatbiq etilgan.

O‘quvchilar savodxonligi

2019-yilda BMTning bolalar jamg‘armasi - UNICEF bilan hamkorlikda 4-sinf o‘quvchilarining o‘qish, matematika, tabiiy-ilmiy fanlar bo‘yicha savodxonlik darajasini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan baholash natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra o‘quvchilar:

- tabiiy-ilmiy yo‘nalishda demokratik jamiyat, fuqarolarning huquq va burchlari tushunchasiga (71,1%), matematika yo‘nalishida tenglama va tengsizliklarni yechish ko‘nikmasiga (67,2%) egaligi bo‘yicha eng yuqori ball to‘pladi;

- tabiiy-ilmiy (tarixiy sanalar, atrof-muhit, inson salomatligi va xavfsizligi, ekologiya), matematika (hisoblash va tenglamalar) hamda matnni o‘qish (berilgan aniq ma’lumotlarni topish) yo‘nalishlaridagi savollarga javoblar bo‘yicha jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkich (55%) dan yuqori natijaga erishdi.

USAID testi

Shuningdek, 2022-yilda USAID bilan hamkorlikda 3-sinf va 5-sinf o‘quvchilarining o‘qish va matematika bo‘yicha (EGRA) ko‘nikmalarini baholash natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, o‘rta ta’limning sifati (5-sinf o‘quvchilarining natijalari) boshlang‘ich ta’lim (3-sinf o‘quvchilarining natijalariga qaraganda) sifatidan ortda qolayotgani, maktabga muntazam qatnovchi o‘quvchilarning natijalari vaqti-vaqti bilan dars qoldiruvchi o‘quvchilarnikidan yuqoriligi aniqlangan.

Qayta chop etilgan darsliklar

Shu bilan birga, 2022-yilda 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy-ilmiy fanlar bo‘yicha savodxonlik ko‘nikmalari (PISA) Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bilan hamkorlikda baholandi va 2023-yilda natijalar e’lon qilingan. Bundan tashqari, o‘rta ta’limning 3-, 6-, 7- va 10-sinf o‘quvchilari uchun darsliklar baholash natijalari asosida, baholash jarayonida aniqlangan zaif jihatlarni bartaraf etishni hisobga olgan holda qaytadan chop etilgan.

2017-2023

MHTIning aniqlashicha, oliy ta’lim tizimida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yildagi "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Farmoni tizimini isloh qilish uchun huquqiy asos yaratilgan. Natijada 2017-2023-yillar oralig‘ida:

- QS World University Rankingsda eng yaxshi mingtalikka kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari soni 3 tadan 9 taga;

- Jami xorijiy oliy ta’lim muassasalarining soni 7 tadan 30 taga;

- xususiy oliy ta’lim muassasalari soni 66 taga;

- hududlar kesimida eng kam oliy ta’lim muassasalari soni 1 tadan 3 taga yetdi.

Shuningdek, oliy ta’lim xizmatlari bilan aholining barcha qatlamlarini qamrab olish uchun alohida kvotalar ajratildi. Yoshlarni (18-22 yoshdagi aholini) oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 41 foizga oshgan.

"O‘zbekiston-2030" loyihasi

 "O‘zbekiston - 2030" strategiyasida ham ta’lim tizimi va infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida bir qator tadbirlar belgilangan. Jumladan:

- Olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta maktabga bolalarning qatnashi uchun bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yish;

- Nodavlat umumta’lim tashkilotlari sonini 1000 taga yetkazish;

- 2024-yildan boshlab har yili davlat-xususiy sheriklik asosida 100 tadan maktab qurilishi bo‘yicha shartnomalar tuzish;

- Dunyodagi 500 ta yetakchi universitet bilan hamkorlikda “ikki diplomli tizim”ni kengaytirish.