Rossiyada qamoqdan urushga yuborilgan talaba jang maydonidan qochib, Oʻzbekistonga keldi
O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan, keyinchalik ishlash uchun Rossiyaga ketgan samarqandlik yigit u yerda giyohvandlik moddasi bilan bog‘liq jinoyat uchun qamalgan. Soʻngra Ukrainadagi urushga yuborilgan.
4 daqiqa o‘qiladi

U jang maydonidan qochib, bir necha davlat orqali O‘zbekistonga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. UZ24.uz mazkur ish bo‘yicha sud hukmi bilan tanishdi.
Universitet talabasi qanday qilib Rossiya qamoqxonasiga tushib qoldi?
Sud hujjatiga ko‘ra, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida yashovchi Muhammadjon Nuriddinov O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan. U universitetning ikkinchi bosqichida o‘qib yurgan vaqtida o‘qishini davom ettirish uchun to‘lov-kontrakt pulini to‘lashda qiynalgan. Natijada o‘qishini davom ettira olmagan va akademik ta’tilga chiqqan.
Keyinchalik u Samarqand shahridagi marmar ishlab chiqarish sexida ishlagan. Biroq bir kuni millati afg‘on bo‘lgan shaxs unga Afg‘onistonda qurilish firmasini ochgani, agar ishlashga borsa, kuniga 700 AQSh dollari miqdorida maosh berishini aytgan.
Nuriddinovning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, u ushbu taklifga ishonib, qurilish firmasiga ishga kirishga qaror qilgan. Ammo oradan taxminan ikki oy o‘tib, va’da qilingan maosh berilmagan. Shundan so‘ng u 2023-yil yanvar oyida Rossiyaga ishlash uchun ketgan. Dastlab Moskva va Kaluga viloyatlarida qurilish ishlarida mehnat qilgan.
Keyinchalik internetdagi “Telegram” messenjeri orqali tanishgan shaxs unga yuqori daromadli ish taklif qilgan. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, “Robiya” deb tanishtirgan ayol unga turli manzillarga mahsulot yetkazib berish evaziga pul ishlash mumkinligini aytgan. Dastlab unga 1 000 AQSh dollaridan ortiq maosh va’da qilingan.
Nuriddinov ushbu taklifga rozi bo‘lgan. Biroq 2023-yil 25-mart kuni Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari uni giyohvandlik moddasi bilan bog‘liq jinoyatda gumonlab qo‘lga olgan. 2024-yil aprel oyida Rossiya sudi uni giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatda aybdor deb topib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.
Qamoqxonadan urushga
Sud hujjatida qayd etilishicha, Nuriddinov Rossiyaning Chelyabinsk shahridagi jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan paytda harbiy xizmatga jalb qilingan.
2025-yil dekabr oyida qamoqxonaga kelgan harbiylar mahkumlarga Rossiya Qurolli Kuchlari safida xizmat qilishni taklif qilgan. Nuriddinovning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, u harbiy xizmatga rozilik bildirgan va 2025-yil 20-dekabrda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan.
Shundan so‘ng u Yekaterinburgdagi harbiy aerodromga, keyin esa Rostov viloyatiga olib borilgan. Sud hujjatiga ko‘ra, 21-dekabr kuni u boshqa harbiylar bilan birga harbiy lagerga joylashtirilgan. U yerda to‘rt kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.
Mashg‘ulotlarda avtomatni qismlarga ajratish va yig‘ish, quroldan foydalanish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda harbiy harakatlar bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalar o‘rgatilgan. Keyinchalik unga AK-47 avtomati berilib, harbiy kiyim kiydirilgan.
Suddagi ko‘rsatmalariga ko‘ra, unga harbiy tayyorgarlik davomida jangovar harakatlarda qatnashish tartibi ham tushuntirilgan.
Jang maydonidan qochib, O‘zbekistonga qaytish
2026-yil yanvar oyida Nuriddinov boshqa harbiylar bilan birga jangovar hududga yuborilgan. Suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, u Novopavlovka yaqinidagi “Bagatir” qishlog‘ida joylashgan harbiy bo‘linmada bo‘lgan.
Yanvar oyi oxirlarida 12 kishilik guruh bilan yana boshqa hududga jo‘natilgan. Uch kun yo‘l yurganidan so‘ng u guruhdan ajralib, o‘rmon ichiga qochgan.
Sud hujjatida uning qochishi haqida bergan ko‘rsatmalari ham keltirilgan. Nuriddinovning aytishicha, u Tojikiston fuqarosi bo‘lgan “Zarif” ismli yigit bilan birga ortga qaytishga qaror qilgan. Ular taxminan 58 kilometr masofani besh kun davomida piyoda bosib o‘tib, Marinovka shahriga yetib borgan. Keyinchalik taksi orqali Moskvaga yo‘l olishgan.
Nuriddinovning ko‘rsatmasiga ko‘ra, ular Moskvada taxminan 10 kun yashiringan. 2026-yil 7-fevral kuni u Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan.
Sud hujjatida uning elchixona xodimlariga aytgan so‘zlari quyidagicha keltirilgan:
“Urushdan qochib kelman, pasportlarimni yo‘qotib qo‘ydim, menga yordam berishlaringizni so‘rayman”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, elchixona xodimlari O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirib bergan. Nuriddinov 2026-yil 11-fevral kuni Vatanga qaytgan.
Sud qanday qaror chiqardi?
O‘zbekistonga qaytgach, Nuriddinovga nisbatan Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi, ya’ni yollanish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud jarayonida u aybiga iqror bo‘lgan. Uning himoyachisi esa erkakning qilmishidan pushaymonligini, aybiga to‘liq iqrorligini va oilaviy sharoitini hisobga olib, yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.
Himoyachi sudlanuvchining Rossiyada jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan paytda harbiy xizmatga jalb qilingani, keyinchalik esa jangovar hududdan qochib O‘zbekistonga qaytganiga ham e’tibor qaratgan. Sud Nuriddinovning aybiga iqrorligi, pushaymonligi va boshqa holatlarni inobatga olgan.
Natijada Bulung‘ur tuman sudi Muhammadjon Nuriddinovni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.
Hukmga ko‘ra, unga yashash joyini o‘zgartirmaslik, Samarqand viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik hamda yashash joyida belgilangan vaqtda bo‘lish kabi cheklovlar qo‘yilgan. Shuningdek, u yashash joyidan tashqarida internetdan foydalanishi va ommaviy tadbirlarda qatnashishi cheklangan.



