Avvalgi qilmishi uchun jazolanmagan sport boshqarmasi xodimi jinoyat qildi
Surxondaryo viloyati Sport boshqarmasining sobiq mansabdori ilgari qasddan ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan deb topilgan, biroq unga jazo tayinlanmagan.
2 daqiqa o‘qiladi

Bu safar esa u sportchilarning xizmat safari uchun ajratilgan pullarni oʻzlashtirgan.
Sportchilarning pullari qanday olingan?
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining 2026-yil 6-oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, sobiq mansabdor xizmat mavqeyidan foydalanib, sportchilarning musobaqalarda qatnashishi uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan noqonuniy manfaat olgan.
Xususan, Muzrabot tumani sport maktabida 2023-yilda musobaqalar uchun ajratilgan xizmat safari pullaridan 2,2 mln so‘m noqonuniy olingan.
Shuningdek, 2024–2025-yillarda boshqa sport muassasalarida ham shunday holatlar kuzatilgan. Jumladan, Termiz Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi mablag‘laridan 17,9 mln so‘m, boshqa sport maktablari mablag‘laridan esa 11,3 mln, 4,9 mln va 3,6 mln so‘m bilan bog‘liq epizodlar sudda ko‘rib chiqilgan.
Bundan tashqari, ayrim sportchilarga ajratilgan xizmat safari pullari ularning bank kartalariga to‘liq o‘tkazilmagan. Ba’zi mablag‘lar boshqa shaxslarning kartalariga tushirilib, naqdlashtirilgan.
Sud hujjatlarida sportchilarning musobaqalarda qatnashishi uchun ajratilgan 35 mln, 28 mln va 37 mln so‘mlik mablag‘lar bilan bog‘liq qonunbuzilishlar ham qayd etilgan.
Tekshiruvda millionlab so‘mlik zarar aniqlangan
Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda sport muassasalarida xizmat safari pullarini sarflash va hujjatlarni rasmiylashtirishda qonunbuzilishlar aniqlangan.
Xususan, Termiz Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida xizmat safari xarajatlari bilan bog‘liq qariyb 170 mln so‘mlik zarar qayd etilgan.
Bundan tashqari, xodimlarga ustama va ish haqi hisoblashda ham xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, 15,7 mln so‘mlik ortiqcha ustama hamda 64,2 mln so‘mlik ortiqcha mehnat haqi to‘lovlari aniqlangan.
Ushbu summalarning barchasi sudlanuvchi shaxsan olgan pullar sifatida ko‘rsatilmagan.
Sud qanday jazo tayinladi?
Sud majlisida sudlanuvchi aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini va yetkazilgan zarar qoplanganini bildirgan. U suddan yengillik so‘ragan. Sud uni Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi «a» va «b» bandlari bilan aybli deb topgan.
Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, 20 mln so‘m jarima tayinlangan. Shuningdek, u bir yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Sud hukmiga ko‘ra, tergov davomida prokuratura depozit hisobiga o‘tkazilgan 8,5 mln so‘m sudlanuvchiga qaytarilishi belgilangan.



