O‘zbekistonliklar Yangi yil bayrami kunlari “svet” bilan barqaror taʼminlanadi
Qayd etilishicha, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda 1395 ta maxsus avariya brigadalari (6466 kishi va 1334 ta texnika) tunu kun faoliyat yuritishi belgilandi.
1 daqiqa o‘qiladi

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Asrorjon Asqarov yangi yil va bayram kunlari – 2024-yil 30-dekabrdan 2025-yil 3-yanvargacha isteʼmolchilarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlashga bag‘ishlangan elektr tarmoqlari shtabining yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati xabar qildi.
1395 ta maxsus avariya brigadalari
Qayd etilishicha, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda 1395 ta maxsus avariya brigadalari (6466 kishi va 1334 ta texnika) tunu kun faoliyat yuritishi belgilandi. Zarur bo‘lganda, isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun 100dan ortiq umumiy quvvati 90.000 kVA bo‘lgan ko‘chma zaxira quvvat manbalari (dizel elektr stansiyalari) shay holatga keltirilgan.
energetika obyektlarida rejali taʼminlash ishlari amalga oshirilmaydi
Shu bilan bir qatorda, 30-dekabrdan 3-yanvarga qadar “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barcha energetika obyektlarida “texnologik osoyishtalik” yaʼni, elektr qurilmalarida rejali taʼminlash ishlari amalga oshirilmaslik rejimi joriy etilmoqda.
Muammo yuzaga kesa nima qilish kerak?
Agar siz bayram kunlari elektr energiyasi taʼminoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, Telegram‘dagi @het_admin administratorga murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib o‘tamiz.



