Sut va sut mahsulotlarini markirovkalash boshlanadi. Narxlar oshadimi?
O‘zbekistonda sut mahsulotlariga ishlab chiqarishda tabiiy yoki quruq sutdan foydalanilganini ko‘rsatuvchi markirovka joriy etish rejalashtirilmoqda. Buni ham suv va salqin ichimliklar taqdiri kutyaptimi?
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sut mahsulotlariga ishlab chiqarishda tabiiy yoki quruq sutdan foydalanilganini ko‘rsatuvchi markirovka joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 10-dekabr kuni oziq-ovqat sanoatidagi ishlar va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar bilan tanishgan prezident bilan uchrashuvda so‘z bordi.
Quruq sut importiga cheklovlar olib tashlanadi
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida tadbirkorlar taklifiga ko‘ra quruq sut importiga cheklovlar olib tashlanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, sut mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun olti oy muddatda Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida sinov laboratoriyalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday mahsulotlarni ishlab chiqarishda tabiiy yoki quruq sutdan foydalanilgani to‘g‘risida markirovkalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Markirovka nimaga kerak?
Vahobovning ta’kidlashicha, qadoqda tabiiy sut yoki quruq sut ishlatilgani haqidagi ma’lumot ko‘rsatilishi xaridorlarga ongli ravishda tanlash imkonini beradi.
“Masalan, muzqaymoq va pishloq mahsulotlari quruq sutdan tayyorlansa, iste’molchi tabiiy va quruq sutdan tayyorlangan mahsulotlarni tanlashi kerak. Prezidentimiz, birinchi navbatda, akkreditatsiyadan o‘tishi shart bo‘lgan laboratoriya tashkil etish vazifasini qo‘ydi. Bu tizim o‘rnatiladi, prezident tashabbusni qo‘llab-quvvatladi”, — dedi u.
Sut ishlab chiqarish 13 million tonnaga yetdi
Bugungi kunga kelib mamlakatda tabiiy sut ishlab chiqarish 13 million tonnaga yetdi, dedi SSP rahbari.
Prezident mazkur yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosariga o‘simlik yog‘i eksportiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish taklifini o‘rganishni topshirdi. Shuningdek, kichik yog‘-moy sexlari ishini qonuniylashtirish ko‘zda tutilgan. Xalqaro standartlarni joriy etish hisobiga kolbasa mahsulotlarining yaroqlilik muddatini oshirish rejalashtirilgan.
Xarajatlar iste’molchiga yuklanadi
Iqtisodchi bloger Otabek Bakirov sut mahsulotlari ham markirovkalanishiga munosabat bildirar ekan suv va salqin ichimliklarni markirovka qilish amaliyotiga o‘tganini esladi.
“Bu sut mahsulotlarini yanada qimmatlashishiga olib keladi xolos. Xuddi suv va salqin ichimliklar bilan bo‘lgani singari”, – deb yozadi bloger.
Uning ta’kidlashicha, markirovkalash ishlab chiqarish va qadoqlash jarayonini qaytadan tashkil etish, texnologik siklga o‘zgartirish kiritishsiz amalga oshmaydi. Gap har bir markirovka qilingan mahsulot uchun ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar “CRPT TURON” MCHJga QQS bilan hisoblaganda to‘laydigan va oligaxiya cho‘ntagiga tushadigan 76,16 so‘mdagina emas.
“Har bir sut zavodi buning uchun yuzminglab, millionlab dollar qo‘shimcha mablag‘ sarflaydi, tabiiyki, bu qo‘shimcha xarajatlarning hammasi narxga, ya’ni iste’molchi bo‘yniga yuklanadi” – deya izoh berdi u.



