Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 67 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +6°

JSST: har yili dunyoda 726 ming odam oʻz joniga qasd qiladi

Oʻz joniga qasd qilishlarning qariyb uchdan ikki qismi (73%) past va oʻrtacha daromadli mamlakatlarda sodir boʻlgan.

3 daqiqa o‘qiladi

JSST: har yili dunyoda 726 ming odam oʻz joniga qasd qiladi

Dunyoda har yili 726 ming odam oʻz joniga qasd qilishi oqibatida vafot etadi. Oʻz joniga qasd qilishga urinishlar esa bundan ham koʻproq. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) xabar berdi.

15–29 yoshdagi shaxslar oʻrtasida oʻlimning eng keng tarqalgan sababi

Ma'lumotlarga koʻra, oʻz joniga qasd qilish har xil yoshdagi odamlar tomonidan sodir etiladi va u 2021-yilda 15–29 yoshdagi shaxslar oʻrtasida oʻlimning uchinchi eng keng tarqalgan sababi boʻlgan.

Oʻz joniga qasd qilishning oldini olish uchun strategiya zarur

Oʻz joniga qasd qilishlar nafaqat yuqori daromadli mamlakatlarda sodir boʻladi, balki bu global muammo barcha mintaqalar uchun xos. 2021-yilda dunyodagi oʻz joniga qasd qilishlarning qariyb uchdan ikki qismi (73%) past va oʻrtacha daromadli mamlakatlarda sodir boʻlgan.

“Oʻz joniga qasd qilish sogʻliqni saqlash tizimiga jiddiy ta'sir koʻrsatadigan muammo boʻlib, u javob choralarini talab qiladi. Oʻz vaqtida ilmiy asoslangan va koʻpincha arzon aralashuvlar orqali oʻz joniga qasd qilishning oldini olish mumkin. Samarali milliy chora-tadbirlarni ta'minlash uchun oʻz joniga qasd qilishning oldini olish boʻyicha keng koʻlamli, turli sohalarni qamrab oladigan strategiya zarur“, - deyiladi JSST hisobotida. 

Xavf guruhiga kiruvchilar

 Yuqori daromadli mamlakatlarda oʻz joniga qasd qilish va ruhiy kasalliklar (ayniqsa, depressiya va spirtli ichimliklarni iste'mol qilish) oʻrtasidagi bogʻliqlik aniq kuzatiladi, shuningdek, avvalgi oʻz joniga qasd qilish urinishlari bilan ham bogʻliq. Shu bilan birga, koʻp oʻz joniga qasd qilishlar hayotiy inqiroz paytida, masalan, moliyaviy va shaxslararo munosabatlardagi muammolar yoki surunkali ogʻriq va kasalliklar kabi stressli vaziyatlarda impulsiv tarzda sodir etiladi.

Bundan tashqari, oʻz joniga qasd qilish qurolli mojarolar, tabiiy ofatlar, zoʻravonlik va shafqatsizlik sharoitida yoki yaqin odamning yoʻqotilishi va yolgʻizlik hissi tufayli boʻlishi mumkin. 

Oldini olish va toʻxtatish

Oʻz joniga qasd qilish va oʻz-oʻziga zarar yetkazishning oldini olish uchun butun aholi, turli guruhlar va individual darajadagi chora-tadbirlar qoʻllanilishi mumkin. JSSTning LIVE LIFE deb nomlangan oʻz joniga qasd qilishning oldini olish konsepsiyasi doirasida quyidagi samarali va ilmiy asoslangan choralar tavsiya etiladi:

Oʻz joniga qasd qilish vositalariga kirishni cheklash (masalan, pestisidlar, oʻqotar qurollar, ba'zi dori vositalari);

Oʻz joniga qasd qilish holatlarini mas'uliyat bilan yoritish uchun ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;

Oʻsmirlar oʻrtasida ijtimoiy va hissiy hayotiy koʻnikmalarni rivojlantirish;

o‘z joniga qasd qilish xatti-harakatlariga duch kelganlarni erta aniqlash, baholash, boshqarish va kuzatib borish.

Bu choralar bilan bir qatorda quyidagi asosiy vazifalarni bajarish kerak: vaziyatni tahlil qilish, idoralararo hamkorlik, muammodan xabardorlikni oshirish, imkoniyatlarni mustahkamlash, moliyalashtirishni ajratish, epidemiologik kuzatuv, shuningdek, monitoring va baholash.

“O‘z joniga qasd qilishning oldini olish bo‘yicha harakatlar jamiyatning bir nechta sektorlarini, shu jumladan sog‘liqni saqlash sektori va boshqa ta’lim, mehnat, qishloq xo‘jaligi, biznes, adliya, huquq, mudofaa, siyosat va ommaviy axborot vositalari kabi sektorlardagi muvofiqlashtirish va hamkorlikni talab qiladi. O‘z joniga qasd qilishning ko‘p qirrali tabiati tufayli bu sa’y-harakatlar keng qamrovli va integratsiyalashgan bo‘lishi kerak“, – deyiladi xabarda.