$
 11821.18
14.21
€
 13419.40
-11.03
₽
 140.44
0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

Ichimlikda qancha shakar bor? O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchilar xaridorlarni ogohlantirishga majbur bo‘lishi mumkin

Qadoqlarda «Shakar miqdori o‘rtacha», «Shakar miqdori yuqori» va «Shakar miqdori juda yuqori» kabi ogohlantiruvchi yozuvlar paydo bo‘lishi mumkin. 100 ml mahsulot tarkibida 11 gramm yoki undan ko‘p shakar bo‘lgan ichimliklarda tez-tez iste’mol qilish sog‘liq uchun zararli ekanligi haqida qizil rangli ogohlantirish bo‘lishi taklif etilmoqda.

O‘zbekistonda alkogolsiz ichimliklar tarkibidagi shakar miqdori haqida majburiy ogohlantiruvchi yozuvlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Tegishli qaror loyihasi 14 oktabrgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Qadoqlarda qanday ogohlantirishlar paydo bo‘ladi

2027-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va import qilinadigan alkogolsiz ichimliklar uchun 100 ml mahsulotdagi umumiy shakar miqdoriga qarab majburiy markirovka joriy etish taklif qilinmoqda:

  • 5 grammdan 8 grammgacha — sariq fonda qora rangda «Shakar miqdori o‘rtacha» degan yozuv;
  • 8 grammdan 11 grammgacha — to‘q sariq fonda «Shakar miqdori yuqori» degan yozuv;
  • 11 gramm va undan ko‘p — qizil fonda oq rangda «Shakar miqdori juda yuqori — tez-tez iste’mol qilish sog‘liq uchun zararli» degan ogohlantirish.

Ogohlantirish qadoqning old tomoniga joylashtirilishi, uning umumiy maydonining kamida 15 foizini egallashi va kontrast ranglarda yozilishi kerak. Yozuv iste’molchiga bir qarashdayoq yaqqol ko‘rinishi lozim.

Bundan tashqari, qadoqda mahsulot tarkibi, kaloriyasi va tavsiya etiladigan kunlik iste’mol miqdori haqida ma’lumot beruvchi QR-kod bo‘lishi kerak.

Shakar miqdori qanday nazorat qilinadi

Loyihada 2027-yil 1-martga qadar alkogolsiz ichimliklar tarkibidagi shakar miqdorini laboratoriyada aniqlashning yagona uslubiyatini tasdiqlash nazarda tutilgan.

2027-yil 1-sentabrgacha Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi ushbu uslubiyat asosida akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda shakar miqdorini aniqlashni tashkil etishi kerak.

Shuningdek, har chorakda tarkibidagi shakar miqdori belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lgan alkogolsiz ichimliklar reyestrini shakllantirish va rasmiy saytlarda e’lon qilish rejalashtirilmoqda.

2027-yil 1-dekabrgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor idoralar tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan alkogolsiz ichimliklarni monitoring qilish uchun yagona raqamli platformani ishlab chiqishi va bosqichma-bosqich ishga tushirishi kerak.

Import qilinadigan ichimliklar uchun nima o‘zgaradi

2028-yil 1-yanvargacha Bojxona qo‘mitasi import qilinadigan alkogolsiz ichimliklar tarkibidagi shakar miqdorini elektron deklaratsiya qilish tizimini joriy etishi kerak.

Shu bilan birga, tarkibidagi shakar miqdori ko‘rsatilmagan mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirishga yo‘l qo‘ymaslik taklif qilinmoqda.

Ta’lim muassasalarida cheklovlar

2027-yil 1-yanvardan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ta’lim muassasalari hududida shakar miqdori ko‘rsatilmagan alkogolsiz ichimliklar sotilishini bosqichma-bosqich cheklashni ta’minlashi kerak.

Alkogolsiz ichimliklarni markirovkalash va tarkibidagi shakar miqdorini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha hujjatni ishlab chiqish avvalroq mahallani rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish yili doirasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari hamda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirishga oid Prezident farmonida belgilangan edi.