Sud endilikda deputatlarga hisobot topshirishga majbur emas
Endilikda Xalq deputatlari kengashlari sud raislarini sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini sud yo‘li bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitishmaydi.
1 daqiqa o‘qiladi

Lekin ular jamoatchilikka OAV orqali axborot beradi.
Prezident qarori
Prezident tomonidan 14.08.2024-yildagi "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘RQ-943-son Qonun imzolandi.
Sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash
Endilikda Xalq deputatlari kengashlari sud raislarini sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini sud yo‘li bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitishmaydi. Ta’kidlanishicha, mazkur chora sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan. Ushbu talab 2018-yilda joriy etilgan edi.
Bundan tashqari, endilikda sud raislari har chorakda OAV orqali jamoatchilikni o‘z faoliyati haqida xabardor qilib borishadi.
Sudyani qamoqqa olish shartlari
Sudyani qamoqqa olish shartlari o‘zgarmoqda. Ilgari sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat unga nisbatan o‘ta og‘ir jinoyat yoki odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan boshqa jinoyat sodir etganlikda ayb qo‘yilgan hollarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ushbu ehtiyot chorasini sudya tomonidan og‘ir jinoyat sodir etilganda ham qo‘llash mumkin. Mazkur qonun 14.08.2024 dan kuchga kirgan.



