Iqtisodiy sudlarda soddalashtirilgan tartib qanday natijalar bermoqda?
Maʼlumot uchun joriy yilning 9 oyida 10 904 ta sud ishi (3,6%) soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

18-noyabr kuni AOKAda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ishtirokida soddalashtirilgan tartibda ko‘riladigan ishlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Tadbirda sudlarda sodda tartibni joriy qilishning ahamiyati va natijalari haqida ma’lumot berildi.
Fuqarolarning murojaatlari ko‘paymoqda
Sudlarga murojaatlar yil sayin ko‘payib borayotgani odamlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchi ortib, huquqiy madaniyati yuksalayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, murakkab sud jarayonlarini talab qilmaydigan masalalarni hal qilishda soddalashtirilgan tartibdagi sud yuritish juda muhimdir.
Sodda tartib nima va kimlar uchun qo‘llaniladi?
2019-yilda qabul qilingan qonun asosida Iqtisodiy protsessual kodeksga “Sodda tartibda ish yuritish” bobining kiritilishi quyidagi imkoniyatlarni taqdim etdi:
Davo miqdori:
- Yuridik shaxslar uchun — 20 barobar BHMdan oshmagan da’volar.
- Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun — 5 barobar BHMdan oshmagan da’volar.
Boshqa ishlarga tatbiq qilish:
- Da’vogar va javobgarning roziligi bilan boshqa ishlarga ham sodda tartibda qaralishi mumkin.
Cheklovlar:
- Korporativ nizolar va huquqiy ta’sir choralari bo‘yicha ishlarga sodda tartib tatbiq etilmaydi.
Sud ishlari qanday tartibda olib boriladi?
Sodda tartibda da’vo arizasi Iqtisodiy protsessual kodeksning 149-moddasiga muvofiq bo‘lishi kerak. Javobgar da’voga nisbatan o‘z fikrini 15 kun ichida taqdim etish huquqiga ega. Agar fikr taqdim etilmasa, bu ishni sodda tartibda ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.
Sudya bunday ishlarni 20 kun ichida mustaqil ravishda ko‘rib chiqadi. Hal qiluv qarori qabul qilingandan so‘ng, 10 kun ichida apellyatsiya berilmasa, qaror kuchga kiradi va ixtiyoriy ijro etiladi.
2024-yilda sodda tartibdagi sud ishlari statistikasi
Joriy yilning 9 oyida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlardan 10 904 tasi sodda tartibda ko‘rib chiqilgan. Natijalar quyidagicha:
- 10 315 ta ish qanoatlantirilgan;
- 400 ta ish rad etilgan;
- 46 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan;
- 143 ta ish yuritishdan tugatilgan.
Da’volar bo‘yicha qanoatlantirilgan talablar natijasida 23 milliard 241 million 898 ming so‘m undirib berilgan.



