O‘tgan yili “ipotekachi”larning atiga 5 foiziga subsidiya ajratilgan
Ma'lumot uchun, 2023-yilgi davlat budjetida ipoteka kreditlari bo‘yicha fuqarolarga jami 1,6 trln. so‘m subsidiya to‘lab berilishi belgilangan.
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari majlisida 2023-yilning may-dekabr oylari mobaynida ipoteka kreditlari bo‘yicha talabgorlarining bor-yo‘g‘i 5 foizigagina subsidiya ajratilgani ma’lum qilindi.
329 998 nafardan 30 mingiga ijobiy xulosa
Unga ko‘ra davlat budjetining 2023-yilgi hisobotida ipoteka kreditlari bo‘yicha fuqarolarga jami 1,6 trln. so‘m subsidiya to‘lab berilishi belgilangan. Hisobot davrida esa 329 998 nafar fuqaro ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun ariza topshirgani, ammo arizachilarning bor-yo‘g‘i 30 ming nafarigagina ijobiy xulosalar taqdim etilgan.
Respublika va mahalliy budjetlar hisobidan 1,1 trln. so‘m subsidiya
Qayd etilishicha, ijobiy xulosa olingan arizachilarning 15 204 nafariga Respublika va mahalliy budjetlar hisobidan 1,1 trln. so‘m subsidiya mablag‘lari to‘lab berilgan.
Sabab komissiya o‘rganishlari xulosalari
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning tushuntirishicha, yuqoridagi holat subsidiya berish bilan bog‘liq komissiya o‘rganishlari xulosalari bilan bog‘liq.
Uning ta’kidlashicha subsidiya olish uchun ariza bergan talabgorlarning yarmidan ko‘pi (190 ming nafarga yaqini) tegishli talablarga javob bermaydi.
“Masalan, ularning 85 ming nafarida uy-joylari mavjud. 47 ming nafarga yaqinida esa daromadi mavjud emas. Ya’ni subsidiya olgandan keyin ertaga kreditning foizi, asosiy qismini to‘lashi kerak. Yoki ularga biror kishi kafolat ham bermagan. Bir so‘z bilan aytganda talabgorlarning 55 foizi yetarli ball to‘play olmagan”, – deydi vazir.
Qo‘chqorov, shuningdek, kelgusida subsidiya uchun ajratilgan mablag‘larni to‘liq o‘zlashtirishga doir qator ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.



