$
 12768.26
-62.87
 14400.04
-142.76
 162.63
1.56
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Uy-joyni yaxshilashga muhtoj fuqarolarga 120 mln. so‘mgacha subsidiya ajratiladi

subsidiya

“Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga ipoteka kreditini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot telegram kanali xabar berdi.

Subsidiyalar “subsidyplatform.mf.uz” to‘lov platformasi orqali ajratiladi

Uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga 120 mln. so‘mgacha ipoteka kreditlari beriladi. Mablag‘lar asosiy stavkadan to‘rt foiz bandga yuqori stavkada 20 yilgacha taqdim etiladi.

Shu bilan birga, boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplashga kreditning 15%i miqdorida, besh yilgacha foiz to‘lovlarining 12%dan oshgan qismiga subsidiya beriladi.

Subsidiyalarni “subsidyplatform.mf.uz” to‘lov platformasi orqali olish mumkin bo‘ladi.

Kimning tavsiyasi bilan beriladi?

Kadastr pasportini rasmiylashtirish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ham to‘lovlar 50%ga kamaytiriladi.

Kredit olish uchun fuqarolar kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishlari kerak. Nizomda boshqa talablar ham belgilangan.

Ipoteka krediti bo‘yicha tavsiya olish uchun fuqarolar “mahalla yettiligi”ga murojaat qilishlari mumkin.

Kredit kimlarga beriladi?

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktyabrdagi 654-son qarori bilan tasdiqlangan kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilaning uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj a’zolariga ipoteka krediti beriladi.

“Mahalla yettiligi” – mahalla fuqarolari yigʻini raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim, soliq inspektoridan iborat jamoa.

Shuningdek, ipoteka kreditlari faqat yakka tartibdagi uy-joyni qurish yoki ta’mirlash uchun beriladi.

Talabgor qaysi mezonlarga mos boʻlishi kerak?

18 yoshga toʻlgan va 60 yoshdan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi;

kredit boʻyicha hisoblangan foizlarni va asosiy qarzni toʻlov jadvaliga muvofiq har oyda toʻlash uchun yetarli hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan daromad manbaiga, shu jumladan, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xoʻjaligidan yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan daromadga ega boʻlishi;

qarz yuki koʻrsatkichi qarz oluvchining barcha kreditlari va mikroqarzlari boʻyicha oʻrtacha oylik toʻlovlarining ushbu qarz oluvchining tasdiqlangan oʻrtacha oylik daromadlarining 60 foizidan yuqori boʻlmasligi;

kredit ajratishni koʻrib chiqish vaqtida qarz oluvchining kredit tashkilotlaridan avval olingan kreditlar boʻyicha muddati oʻtgan karzdorligi mavjud boʻlmasligi;

ilgari bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida ipoteka kreditlaridan va ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalardan foydalanmagan boʻlishi;

rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki yakka tartibdagi uy-joy quriladigan yer uchastkasi qarz oluvchining oʻziga yoki u bilan birgalikda yashovchi yaqin qarindoshlaridan biriga tegishli ekanligi va qarz oluvchi mazkur manzilda kamida 6 oy davomida doimiy roʻyxatda turgan boʻlishi kerak.

Qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadlari miqdori qanday aniqlanadi?

Qarz yuki koʻrsatkichini hisob-kitob qilishda qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadlari miqdori uning oxirgi 12 oy mobaynida olgan daromadlari miqdorining oʻrtacha arifmetik qiymatidan kelib chiqib aniqlanadi.