Sportdagi korrupsiya uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanmoqda
Qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
1 daqiqa o‘qiladi

Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonunda yangi qo‘shimchalar
Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olgani yoki mulkiy manfaatdor boʻlgani, shuningdek, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga ogʻdirib olganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Qo‘shimchalar qaysi moddalarga kiritilmoqda?
Birinchidan, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʻlishi bilan bogʻliq qilmish uchun javobgarlik belgilanib, yangi prim-modda (214−1-modda) kiritilmoqda.
Ikkinchidan, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga ogʻdirib olganlik uchun yangi kiritilgan 214−2-moddaga asosan javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.



