$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda kelgusi 3-4 yil ichida maktabgacha ta’lim qamrovi kamida 80 foizga yetkaziladi

prezident

Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining 9-yillik yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Mintaqada ilk bor o‘tkazilayotgan kengash

O‘z nutqi avvalida davlat rahbari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi mintaqamizda ilk bor o‘tkazilayotganini ta’kidladi:

“Bu nufuzli anjumanning navbatdagi, to‘qqizinchi majlisi uchun aynan O‘zbekiston tanlanganini biz o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorligimizning yuksak namunasi, deb bilamiz”.

Prezident global muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi

Ma’lumot uchun, OBIIning yillik yig‘ilishida ham dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan 2 mingga yaqin vakil qatnashmoqda. Prezident shuningdek:

“Hech kimga sir emas, dunyodagi tahlikali vaziyat kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hozirda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, oziq-ovqat va energiya resurslari tanqisligi, kambag‘allik, ekologiya muammolari tobora o‘tkir tus olib bormoqda.

Masalan, o‘rtacha global harorat 2040-yilga qadar 1,5 darajaga ortishi prognoz qilingan edi. Lekin hozirgi vaziyatda bu holat 2030-yildayoq yuz berishi mumkinligi bizni jiddiy xavotirga solyapti. Dunyo aholisining to‘rtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelmoqda. Iqlim o‘zgarishi sur’atlari tezlashishi oqibatida oziq-ovqat tanqisligi global xavfga aylandi. Natijada dunyoda 800 millionga yaqin aholi o‘ta og‘ir kambag‘allik sharoitida yashayapti", - deya ta’kidladi.

Global muammolarda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining ahamiyati

Davlatimiz rahbari bularning barchasi mavjud infratuzilmaga bo‘lgan yuklamani keskin oshirishi va global iqtisodiy taraqqiyotga katta to‘siq bo‘lishini qayd etdi. Ekspertlar fikriga ko‘ra, 2030-yilgacha dunyoda yangi infratuzilma uchun 15 trillion dollar investisiya talab qilinadi. Shuningdek, xorijiy investisiyalar oqimi so‘nggi ikki yildan buyon 10 foizdan kamaymoqda, dunyoda moliyaviy resurslar qariyb 2 barobar qimmatlashdi. Bu muammolar barcha mamlakatlarning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini qiyinlashtirayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bunday sharoitda global xavf-xatarlar oqibatlarini yumshatish, barqaror o‘sish, aholi turmush sharoitini yaxshilashda xalqaro moliya tashkilotlarining roli yanada oshib bormoqda.

“Bu borada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki qisqa davr ichida 55 milliard dollarlik loyihalar portfeli bilan nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosidagi eng nufuzli moliya tashkilotlaridan biriga aylanganini alohida e’tirof etish lozim”, - dedi Prezident.

O‘zbekistondagi islohot va o‘zgarishlar ta’kidlandi

“So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar va tub o‘zgarishlar jadal amalga oshirilmoqda. Biz iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasi va farovonligini yuksaltirishga asosiy e’tibor qaratyapmiz. O‘tgan davrda yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 2 barobar ko‘payib, ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Kelgusi besh yilda bu raqamni 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakatimizni aholisi daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga olib chiqishdir. Ushbu maqsadlarga erishish uchun oldimizga katta-katta marralarni qo‘yganmiz”.

To‘rt yil ichida mamlakatimizdagi kambag‘allik darajasini 23 foizdan 11 foizga tushirishga erishilgani ta’kidlandi. Joriy yil bu ko‘rsatkichni 9 foizgacha, 2030 yilga qadar esa 2 barobar pasaytirish maqsad qilingan.

“Bizning islohotlarimiz tub negizida tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, odamlarimiz uchun barcha sohalarda yangi ish o‘rinlarini va daromad manbalarini ko‘paytirishdek ustuvor vazifa mujassam. Shu bilan birga, aholining sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, eng og‘ir hududlarda infratuzilma tarmoqlarini barpo etishni qamrab olgan “ko‘p o‘lchovli” kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshiryapmiz.

Shu bois ilg‘or xorijiy yondashuvlar asosida eng quyi bo‘g‘in – mahalla darajasiga tushgan holda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Yaqinda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori janob Abxijit Banerji “O‘zbekistondagi mahalla tizimi har bir muhtoj oilani kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha o‘zining noyob retseptiga ega”, deb ta’kidlagani ham bejiz emas”, - dedi Shavkat Mirziyoyev. Inson kapitalini rivojlantirish mamlakatimiz barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishining mustahkam poydevori hisoblanadi.

Kelgusi 3-4 yilda maktabgacha ta’lim qamrovi kamida 80 foizga yetkaziladi

Bu borada so‘nggi 8 yilda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 74 foizga oshirildi. Yangi maktablar qurilib, qo‘shimcha 800 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi. Oliy o‘quv yurtlari soni 200 dan oshib, qamrov 9 foizdan 38 foizga yetdi.

O‘zbekiston kelgusi 3-4 yilda maktabgacha ta’lim qamrovini kamida 80 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun xususiy sektor bilan birga 240 ming o‘rinli bog‘chalar barpo etiladi.

Xalqaro moliya tashkilotlari bilan ta’lim bo‘yicha hamkorlik

Shuningdek, kelgusi yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida har yili barcha shahar va qishloqlarda eng ilg‘or standartlarga mos keladigan 100 tadan yangi maktablarni ishga tushirish reja qilingan. Bunga kelgusi yillarda 2 milliard dollar investitsiya kiritiladi.

Prezident ta’limdagi loyihalarni xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi sifatida belgilab olishni taklif qildi.