$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Aholiga mo‘ljallangan ko‘mir sifatini ta’minlash maqsadida yuklash jarayoni kechayu-kunduz kuzatib boriladi — “O‘zbekko‘mir”

ko

O‘zbekistonda aniqlangan ko‘mir zaxiralari 2 milliard tonnadan ziyodroqni tashkil etadi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zbekko‘mir” AJ axborot xizmati rahbari Ne’mat Dushayev ma’lum qildi. Xususan, Angren ko‘mir havzasida 1,7 mlrd. tonna qo‘ng‘ir ko‘mir qatlamlari mavjud. Respublikamiz bo‘yicha qazib olinayotgan ko‘mirning 85 foizi ushbu havza hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu havzada bugungi kunda ikki konda ko‘mir ochiq usulda (“Angren” va “Apartak” konlari) bitta konda yopiq usulda (shaxta) yoqilg‘i qazib olinadi. 

Ko‘mir qazib olish va yetkazib berish jarayonlari

Energiya resurslariga ortib borayotgan talabni ichki ehtiyojlar hisobiga qondirish maqsadida respublikamizda ko‘mir qazib olish hajmini 2024-yilda 8 mln. tonnaga, 2025-yilda esa 10 mln. tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. 

Aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2020-yilda 3 million 869 ming tonna ko‘mir qazib olingan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 4 million 781 ming, 2022-yilda 5 million 1 million, 2023-yilda 5 million 836 ming tonnani tashkil etdi. 

Aholiga mo‘ljallangan ko‘mir qanday yuklanadi?

Angren ko‘mir konida qazilgan ko‘mir ulkan avtosamosvallar vositasida ichki omborda yig‘iladi va avtoyuklovchi yordamida vagonlarga 69 tonnadan yuklanadi. Shu yerning o‘zida ko‘mirdan namunalar olininadi va sinov laboratoriyasida mahsulotning namligi, yonuvchanlik, issiqlik berish kabi xususiyatlari o‘rganilib, xulosa beriladi. 

Sifat shaffofligini ta’minlash maqsadida yuklash jarayonini “Ko‘mir ta’minot” MCHJ vakillari tomonidan navbatchilik asosida kechayu-kunduz kuzatib boriladi. Ularning mahsulot sifati va miqdori bo‘yicha har qanday e’tirozlari qabul qilinib, joyida bartaraf etiladi.

Ko‘mir ortilgan vagonlar ko‘mir yig‘ish punktiga olib boriladi va tarozida tortilib, ko‘mir kam yuklangan bo‘lsa qo‘shiladi, ortiqcha bo‘lsa, olib tashlanadi. Shu yerning o‘zida mahsulotga sifat guvohnomasi beriladi va ko‘mir esheloni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Angren stansiyasidan respublikamiz viloyatlardagi hududiy ko‘mir omborlariga yuboriladi.  

Ko‘mir konida ish jarayoni raqamlashtirilgan bo‘lib, bu yerda ko‘mir ustki qismini ochish, qazish, mahsulot yuklashdan tortib, iste’molchiga ortib yuborishgacha bo‘lgan jarayonlar – barcha-barchasi videokuzatuv moslamalari yordamida nazorat qilib boriladi. 

 Mahalliy ko‘mir aholiga qay tartibda tarqatiladi? 

Aholi va byudjet tashkilotlariga mo‘ljallangan ko‘mir mahsuloti “Ko‘mir ta’minot” MCHJning respublika hududiy ko‘mir omborlari orqali tarqatiladi. Bu ish Vazirlar Mahkamasining “Respublika iste’molchilariga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2024-yil 29-sentyabrdagi 551-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Respublika aholisini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida Nizom”ga asoslangan holda amalga oshirilmoqda.

Mazkur Nizomda respublikaning tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlarida yashaydigan aholini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash tartibi belgilab berilgan bo‘lib, ushbu hujjat ko‘mirni qazib oluvchi, ko‘mir briketlarini ishlab chiqaruvchi, ko‘mir mahsulotini sotuvchi, yetkazib beruvchi, transportirovka qiluvchi tashkilotlarga, shuningdek, ko‘mir mahsulotini maishiy foydalanish maqsadida xarid qiluvchi aholiga joriy qilingan.

Bugungi kunda 103 ta ana shunday hududiy ko‘mir ombori va shohobchasi ishlab turibdi. Ushbu omborlarda “O‘zbekko‘mir” AJ tomondan ortib yuborilgan ko‘mir mahsuloti qabul qilib olinadi, saqlanadi va yangi joriy etilgan elektron platforma orqali onlayn ro‘yxat asosida aholi va byudjet tashkilotlariga sotiladi.  

Mahalliy ko‘mir mahsulotining sifat ko‘rsatkichlari

Sifat guvohnomasiga ko‘ra, aholiga mo‘ljallangan mahalliy ko‘mir markasi ‒ 2BZR, namligi ‒ 35 foizgacha, kulchanlik darajasi 17 foizgacha, o‘lchamlari ‒ 25 mm.dan 500 mm.gacha, narxi (1 tn.) – 309 800 so‘m. 

Xarid qilingan ko‘mirni qanday saqlash kerak?

Angren ko‘miri oson cho‘g‘lanadi va uzoqroq issiqlik beradi. Shu xususiyati bilan toshko‘mirga qaraganda birmuncha afzalliklarga ega. Ayni paytda mahalliy ko‘mirning o‘z inkubatsiya davri va saqlash talablari mavjudligini ham eslatib o‘tmoqchimiz. Angren ko‘miri ochiq havoda qolsa, taxminan 20 kundan keyin o‘z xususiyatlarini yo‘qota boshlaydi. Qattiq yoqilg‘ining sifati buzilmasligi uchun, uni maxsus omborlarda, tashqi ta’sirlardan saqlash uchun ustini yopib qo‘ygan holda saqlash tavsiya etiladi.

Теги :
Jamiyat