Yolg‘onchi SI: Sun’iy intellektlar odamlarni aldashni o‘rganib oldi
Massachusets texnologiya instituti olimlari sun’iy intellekt (SI) qanday qilib odamlarni aldashi mumkinligini o‘rganishdi.
1 daqiqa o‘qiladi

Massachusets texnologiya instituti olimlari sun’iy intellekt (SI) qanday qilib odamlarni aldashi mumkinligini o‘rganishdi. Aniqlanishicha, hatto boshdan “halollik”ka dasturlangan tizim ham, o‘z maqsadiga erishish uchun, aldashi mumkin ekan.
Olimlarning xavotiri
Olimlar sun’iy intellektning aldash qobiliyati takomillashishi jiddiy oqibatlarga olib kelishidan xavotirlanishmoqda. Masalan, firibgarlar boshqalarni chuv tushirish uchun yanada yangicha usullarni o‘ylab topishda sun’iy intellektdan foydalanishlari mumkin, saylovlar esa manipulyasiya xavfi ostida qoladi.
Meta’ning CICEROsi misolida
Tadqiqotchilar Meta kompaniyasining CICERO sun’iy intellekt tizimini namuna sifatida keltirishdi. Bu sun’iy intellektdan qatnashchilar (o‘yinchilar) dunyoni egallash uchun ittifoq tuzishi talab etiladigan “Diplomatiya” strategik o‘yinida foydalanib ko‘rildi. Meta mutaxassislari CICERO “halol va foydali” ittifoqchi bo‘lishiga ishontirishgandi, amalda esa bu sun’iy intellekt boshqa qatnashchilarni mohirlik bilan aldashni o‘rganib oldi.
SIlarni nazorat qiladigan qonunlar ishlab chiqilishi kerak
Bunday misollar boshqa sohalarda ham ko‘p uchramoqda. Olimlar dunyodagi hukumatlarni sun’iy intellektni nazorat qiladigan qat’iy qoidalarni imkon qadar tezroq ishlab chiqarishga chorlashmoqda.



