$
 11809.82
-29.77
 13569.48
0.13
 140.68
0.26
weather
+26
Кечаси   +14°

Milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish nega tez yopilmoqda?

So‘nggi kunlarda milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish ayrim hududlarda qisqa vaqt ichida yopilayotgani haqida murojaatlar ko‘paydi. Bilim va malakalarni baholash agentligi buning sababini tushuntirdi.

Ro‘yxatdan o‘tish faqat muddatga bog‘liq emas

Endilikda imtihonlarga ro‘yxatdan o‘tishda nafaqat belgilangan ariza topshirish muddati, balki har bir hudud uchun ajratilgan o‘tirish o‘rinlari soni ham hisobga olinadi.

Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan joriy etilgan. Unga ko‘ra, Agentlik test sinovlari o‘tkaziladigan joy, muayyan hudud bo‘yicha o‘tirish o‘rinlari soni va imtihon sanasini belgilaydi. Shundan so‘ng talabgorlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali belgilangan o‘rinlar doirasida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Shu sababli tanlangan hududdagi barcha o‘rinlar band bo‘lsa, umumiy ro‘yxatdan o‘tish muddati hali yakunlanmagan bo‘lsa ham, aynan shu hudud bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish yopilishi mumkin.

Ikkinchi yarim yillik uchun qariyb 500 mingta o‘rin ajratilgan

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil sentyabr-dekabr oylarida milliy sertifikat imtihonlari uchun jami 496 303 ta o‘tirish o‘rni ajratilgan.

Shundan:

  • sentyabr oyida — 125 753 ta;
  • oktyabr oyida — 129 535 ta;
  • noyabr oyida — 112 335 ta;
  • dekabr oyida — 128 680 ta o‘rin.

Shu bilan birga, imtihonlar soni ham oshirilmoqda. 2026-yil sentyabr-dekabr oylarida milliy sertifikat bo‘yicha jami 15 ta imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan imtihonlar ikki martadan, huquqshunoslik fanidan esa bir marta o‘tkaziladi.

Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida jami 11 ta imtihon o‘tkazilgan va ularda 255 217 nafar talabgor ishtirok etgan.

O‘rinlar bo‘yicha cheklov nega joriy qilindi?

Agentlikning ta’kidlashicha, hududlar bo‘yicha o‘rinlarni belgilash talabgorlarning imtihonda ishtirok etishini cheklashga qaratilmagan.

O‘rinlar sonini belgilashda mavjud binolar, texnik vositalar, xodimlar soni va imtihon jarayonini nazorat qilish imkoniyatlari hisobga olinadi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bunday tartib hududlar bo‘yicha yuklamani maqbul taqsimlash, talabgorlar uchun zarur sharoitlarni yaratish va imtihon natijalarini belgilangan muddatlarda e’lon qilish imkonini beradi.

Talabgorlar nimani hisobga olishi kerak?

Yangi tartib sabab ro‘yxatdan o‘tishning oxirgi kunini kutish tavsiya etilmaydi. Agar tanlangan hududdagi o‘rinlar belgilangan muddatdan oldin tugasa, umumiy ro‘yxatdan o‘tish muddati hali yakunlanmagan bo‘lsa ham, u yerda ro‘yxatdan o‘tishning imkoni bo‘lmaydi.

Shu sababli milliy sertifikat imtihonida qatnashishni rejalashtirayotgan talabgorlarga ro‘yxatdan o‘tish sanalari va tanlangan hududdagi bo‘sh o‘rinlarni oldindan kuzatib borish tavsiya etiladi.