$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Bir yilda O‘zbekistonda 40 mingdan ortiq o‘quvchining ota-onasi jazolandi

ota-ona

Senatning uchinchi yalpi majlisida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Yoshlar o‘rtasida yot g‘oyalarning oldini olish uchun yangi tizim

Hozirgi zamonda dunyo miqyosida yuzaga kelayotgan tahdid va xavflar yoshlar o‘rtasida turli begona g‘oyalar tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga bunday holatlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

2024-yil 5-fevraldagi Prezident qaroriga binoan, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha ichki ishlar organlarining inspektor-psixolog (katta inspektor-psixolog) lavozimlari Milliy gvardiya tuzilmasiga o‘tkazildi. Bu qaror ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tarkibida bolalar bilan ishlash boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Shu bilan birga, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlar lavozimlari joriy etildi.

Ushbu bo‘linmalar tomonidan maktablarda (10 134 ta) ma’naviy-psixologik muhitni yaxshilash, o‘quvchilar o‘rtasida nazoratsizlikka olib keluvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish, ularni Vatanga sadoqat va qonunbuzarliklarga nisbatan murosasiz bo‘lish ruhida tarbiyalash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

“Xavfsiz maktab” konsepsiyasi

Bundan tashqari, maktablarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha, xususan, “Xavfsiz maktab” konsepsiyasi asosida muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida ishlash va maktabga qatnashni yaxshilash borasida muhim ishlar olib borilmoqda.

Yangi lavozimlarni, jumladan, katta inspektor-psixologlar va voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarni qonunchilikda belgilangan vakolatlar bilan ta’minlash zaruriyati yuzaga keldi. Bu vakolatlar ilgari ichki ishlar organlaridagi inspektor-psixologlarga tegishli edi.

Milliy gvardiya inspektor-psixologlarining samarali faoliyati va dolzarb vazifalari

Fevral oyidan buyon Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismi bo‘yicha 44 450 ta huquqbuzarlik aniqlangan, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali ma’muriy choralar ko‘rilgan va maktabga farzandlarini yubormagan ota-onalarga 175 mingdan ortiq ogohlantirish xatlari yuborilgan. Hozirda bir inspektor-psixolog maktabdagi bolalar soniga qarab 3 tadan 10 tagacha maktab bilan ishlashga majbur bo‘lmoqda.

Inspektor-psixologlar ishini samarali tashkil etish uchun yangi qonun

Shu bilan birga, inspektor-psixologlarning voyaga yetmagan huquqbuzarlarni profilaktika inspektorlariga yuborishi, bu inspektorlarning ota-onalarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rishda asosiy aloqa shaxsiga aylanishi, inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va ularning vaqtini behuda sarflanishiga olib kelmoqda.

Shu sababli, mazkur qonun Milliy gvardiyaning umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspektor-psixologlar faoliyatining qonuniyligini ta’minlash, maktablarda psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlarda qonunbuzarliklarga murosasiz munosabatni shakllantirish, muammoli o‘quvchilarga ota-onalari ishtirokida yordam ko‘rsatish va maqsadli ishlashni samarali amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

Qonunning ahamiyati

Qonunning qabul qilinishi Milliy gvardiyaning voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish faoliyatini yanada samarali qilishga, shuningdek, bolalarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Muhokama jarayonidan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Теги :
Jamiyat