$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Prezident OIIB bilan hamkorlikda suv tejaydigan texnologiyalar bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surdi

suv tejash

Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining 9-yillik yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

2030-yilgacha 30 mlrd. dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshiriladi

Ma’lumot berilishicha, O‘zbekistonda energetika, suv, transport, IT va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash uchun yillik ehtiyoj yalpi ichki mahsulotning 10 foiziga teng. Shu ma’noda, Prezident bugungi anjuman “Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish” mavzusida o‘tkazilayotgani olqishladi. Bu borada xalqaro moliya tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib, katta tajriba orttirildi. Buning natijasida ushbu sohalarga xususiy sektor faol kirib bormoqda.

O‘zbekistonda 2030-yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta dastur qabul qilingan.

Xususan, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yo‘nalishlarida pullik avtomobil yo‘llari, “Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish loyihalari amalga oshiriladi. Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish davlat-xususiy sheriklikka beriladi.

Markaziy Osiyoda “yashil” energiyani rivojlantirish dasturi

“Biz kelgusi yillarda yana 18 gigavatt quyosh va shamol, 3 gigavatt gidro elektr stansiyalari, 5 gigavatt energiya jamlash sig‘imlari hamda 5 milliard dollarlik elektr tarmoqlarini ishga tushiramiz. Mazkur loyihalar orqali yirik “yashil” ma’lumotlar markazlarini ham yaratmoqchimiz. Bu – barcha xalqaro moliya tashkilotlari uchun ham jozibador loyiha bo‘ladi, deb hisoblayman. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga 100 million dollarlik “yashil” sertifikatlar bozori shakllanib, bu xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi bo‘lishiga ishonaman. Qo‘shni mamlakatlar ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha katta loyihalarni boshlaganini qayd etish lozim. Kelgusi yillarda qayta tiklanuvchi energiya resurslariga boy Markaziy Osiyo jahon energetika bozorlariga “yashil” energiya yetkazib beradigan yirik eksportchiga aylanishi uchun katta qadamlar tashlayapmiz. Bu borada Transkaspiy elektr tarmog‘ini barpo etish loyihasi katta salohiyatga ega ekanini alohida ta’kidlamoqchiman”, - dedi davlat rahbari.

Prezident Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshchiligida Markaziy Osiyoda “yashil” energiyani rivojlantirish dasturini amalga oshirishni taklif qildi.

Markaziy Osiyo uchun muammoli bo‘lgan suv masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi

Bugungi kunda Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshdi. Mintaqaning yalpi ichki mahsuloti kelgusi besh yilda 700 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mintaqamizda yirik infratuzilma loyihalariga talab kun sayin ortib bormoqda. Hozirda amalga oshirish boshlangan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish ana shunday yirik mintaqaviy infratuzilma loyihasiga yaqqol misoldir. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa o‘tkir tus olmoqda.

“O‘zbekiston bu borada o‘z strategiyasini ishlab chiqib, kelgusi besh yilda suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish orqali 15 milliard kub metr suvni tejash bo‘yicha katta loyihalarni boshlagan. Lekin suv muammosini hal qilish butun mintaqa davlatlari va xalqaro moliya tashkilotlarining birgalikda ishlashini talab qiladi. Shu bois, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqchiman. O‘ylaymanki, qo‘shnilarimiz ham bu tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaydi”, - dedi Prezident.

3 milliard dollarlik 15 ta loyiha

O‘zbekiston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining hissasini yuqori baholaydi. Bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti va barqaror rivojlanish yo‘nalishida Bank bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

“Mamnuniyat bilan aytishim kerakki, bularning hisobidan O‘zbekiston bankning top-10 ta hamkoridan biriga aylandi.

Misol uchun, Bank bilan hamkorlikda Buxoro viloyatidagi ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha 720 million dollarlik loyiha qariyb 1,5 million aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlaydi. Yoki “Buxoro – Xiva” temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasini ishga tushirish natijasida Xiva shahriga yiliga qo‘shimcha 1 million turist jalb qilish imkoniyati yaratiladi. Ta’kidlash kerakki, shu kunlarda Bank bilan kelgusi uch yilda yana 4 milliard dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib oldik”, - dedi Prezident.

Davlat rahbari xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni yuksak baholadi

Davlat rahbari O‘zbekiston bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirayotgan va keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab kelayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Lisyunga, Bankka a’zo davlatlar hukumatlari va boshqaruvchilariga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, anjumanda ishtirok etayotgan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki hamda yirik kompaniya va investorlarga o‘zining alohida hurmat va ehtiromni izhor etdi.

“Kelgusi ikki kunda Bank boshqaruvchilari oldida juda muhim global va mintaqaviy muammolarga zamonaviy yondashuvlar asosida yechimlar topish, yangi loyiha va dasturlarni muhokama qilish kabi mas’uliyatli vazifalar turibdi.

Sizlar qabul qiladigan qarorlar Bankka a’zo mamlakatlarda yashaydigan 6 milliarddan ziyod aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladi. Ushbu ulkan vazifalarni amalga oshirishda sizlar o‘zingizning chuqur bilim, boy tajriba va kuch-g‘ayratingizni ayamaysizlar, deb ishonaman”, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida.