$
 12800.13
-7.9
 13467.02
-145.35
 129.02
-1.13
weather
+26
Кечаси   +14°

Rossiya yana bir yirik sanksiyalar ostida qolish arafasida

Putin

Bloomberg agentligining o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda ma’lum qilgan axborotida qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga nisbatan davom etayotgan tajovuzi tufayli Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ishlab chiqmoqda. 

YI sanksiyalar paketi

Yangi sanksiyalar Rossiyaning yashirin flotiga qarshi qaratiladi. YEI yangi cheklovlarni yil oxirigacha tasdiqlash niyatida. Ularni qabul qilish esa Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga uch yil to‘ladigan 2025-yil 24-fevraliga belgilangan. sanksiyalar paketi Rossiya nefti savdosiga aloqador shaxslarga qarshi jarimalarni ham o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, Bryussel Rossiyada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, oziq-ovqatlar va o‘g‘itlarga nisbatan boj to‘lovlarini oshirmoqchi. Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi so‘nggi (o‘n to‘rtinchi) sanksiyalar paketini joriy yilning iyul oyida qabul qilgandi.

AQSh sanksiyalari

Bundan avvalro AQSh ham Rossiya va Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalar qabul qilish ustida ishlayotgani haqida ma’lum qilgandi. Vashington yangi paketni saylangan prezident Donald Tramp iqtidorga kelguniga qadar tasdiqlashga ulgurmoqchi. Tramp Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi harbiy ziddiyatni tezda hal qilishni istashini bildirgan edi. G‘arb mamlakatlari Tramp takliflarining bir qismi Kiyev uchun manfaatli bo‘lmasligi mumkinligini istisno qilishmayapti.

Buyuk Britaniya va AQSh hukumatlarining O‘zbekiston kompaniyalariga qarshi cheklovlari

Avvalroq Buyuk Britaniya va AQSh hukumati Rossiyaga ko‘rsatilayotgan yordam tufayli O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi. Bundan bir hafta avval esa xuddi shunday tarzda AQSh moliya vazirligi ham o'zining sanksiya ro‘yxatiga O‘zbekistonning ikki kompaniyasini kiritgan edi. Bular: Uzstanex va The Elite Investment Group. Ikkala firma ham AQShning savdo taqiqlarini buzgan holda Rossiyaga dastgohlar va elektr transformatorlari kabi sanksiyalangan mahsulotlarni yetkazib berishda ayblangan. AQSh moliya vazirligi xodimi Uolli Adeyemo Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Rossiya tomonidan harbiy maqsadlarda, xususan, Ukrainadagi maxsus operatsiya doirasida foydalanishi mumkin bo‘lgan asosiy texnologiya va uskunalar yetkazib berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish niyatida ekanini bildirgan. 

Uzstanex 

2018-yilda tashkil etilgan Uzstanex kompaniyasi sanoat stanoklari savdosi bilan shug‘ullanadi. Kompaniya Toshkent shahrining Yashnobod tumanida ro‘yxatga olingan bo‘lib, ustav fondi 65 million so‘mni tashkil etadi. Uzstanex kompaniyasining yagona egasi va asoschisi Vasiliy Abramov hisoblanadi. Amerika rasmiylari kompaniyani rossiyalik mijozlarga dastgohlar yetkazib berishda gumon qilmoqda, bu esa Rossiya Federatsiyasining harbiy ehtiyojlari bilan bog‘liq strategik muhim sohalarda qo‘llaniladigan uskunalarni eksport qilish bo‘yicha cheklovlarni buzadi.

Elite Investment Group

Elite Investment Group 2024-yilnig yanvar oyida tashkil etilgan. Kompaniya Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ustav kapitali 3 million so‘mni tashkil etadi. Ta’sischisi va direktori Nodira Kazakboeva. AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning mart oyidan shu yilning may oyiga qadar Elite Investment Group Rossiya kompaniyalariga taxminan 190 ming dollarlik mahsulot, jumladan, elektr transformatorlarini yetkazib bergan. Turkiyaning Guclu Global kompaniyasi ham ushbu yetkazib berishda agent-tashuvchi sifatida ishtirok etgan.

Теги :
Iqtisodiyot