$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyoga BMT kerakmi?

BMT

Dunyoda urushlar to‘xtamayapti, millionlab odamlar qochqinga aylanmoqda, davlatlar o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat esa tobora keskinlashmoqda. Shunday bir paytda ko‘pchilikda tabiiy savol tug‘iladi: xalqaro tinchlikni saqlash uchun yaratilgan tashkilotlar o‘z vazifasini qay darajada uddalay oldi? Bir asr avval insoniyat urushlarni ortda qoldirish umidida Millatlar Ligasini tuzgan edi. Biroq bu tashkilot Ikkinchi jahon urushining oldini ola olmadi. Uning o‘rnini egallagan BMT esa bugungi kungacha faoliyat yuritmoqda. Xo‘sh, xalqaro tashkilotlar haqiqatan ham dunyoni xavfsizroq qila oldimi? Agar ertaga BMT ham yo‘qolib qolsa, dunyo va O‘zbekiston uchun nimalar o‘zgaradi?

Millatlar Ligasining muvaffaqiyatsizligi

Birinchi jahon urushidan soʻng, dunyoda tinchlikni saqlash va ziddiyatlarni oldini olish uchun ilk marta xalqaro tashkilotga asos solinadi. 1920-yil 10-yanvarda Millatlar Ligasi tashkiloti oʻz faoliyatini boshlaydi. Millatlar Ligasi oʻz faoliyati davomida ayrim xalqaro nizolarni tinch yoʻl bilan hal qilishga, qochqinlarga yordam berishga va mehnat sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashishga muvaffaq boʻldi. Bundan tashqari, sogʻliqni saqlash dasturlarini amalga oshirib, narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashdi. Millatlar Ligasining eng mashhur ishlaridan biri Aland orollari ustidan Finlandiya va Shvetsiya tortishuvlarini va Yunoniston-Bolgariya mojarolarini bartaraf qilgani boʻldi.

Shunga qaramasdan, Millatlar Ligasi bilan bogʻliq ayrim qiyinchiliklar vujudga keldi. Qarorlar koʻp hollarda barcha a’zolarning roziligi bilan qabul qilinishi, harbiy kuchga ega emasligi va buning natijasida yirik davlatlarning agressiyasini toʻxtata olmasligi uning muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga sabab boʻldi. Ayniqsa, 1930-yillarda Yaponiyaning Xitoyga bostirib kelishi, Italiyaning Efiopiyani bosib olishi va Germaniyaning ekspansion siyosati liganing obroʻsini tushirib yubordi. Bu voqealar uni “qogʻozda sher” qilib koʻrsatdi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanganidan keyin Millatlar ligasi amalda oʻz vazifasini bajara olmadi. 1946-yil aprel oyida u rasman tugatildi va uning vakolatlari hamda arxivlari BMTga topshirildi.

BMTning maydonga kelishi

1945-yil 26-iyunda 50 ta davlat tomonidan qabul qilingan qabul qilingan BMT nizomi rasman kuchga kirdi va shu kun BMTning tashkil topgan sanasi hisoblanadi.

BMT nizomiga koʻra, uning maqsadlari quyidagilardan iborat: xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, nizolarni tinch yoʻl bilan hal qilish, davlatlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarni rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, global muammolarni birgalikda hal etish.

BMT urush va mojarolar yuzaga kelgan hududlarga “koʻk dubulgʻalilar” nomi bilan mashhur tinchlikparvar kuchlarni yuboradi, tabiiy ofatlar, urushlar va qochqinlar muammosini hal qilishda yordam koʻrsatadi. U 1948-yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilgan va 2015-yilda esa Barqaror rivojlanish maqsadlarini tuzib chiqqan.

1992-yil 2-mart kuni Oʻzbekiston BMTga a’zo boʻldi. Shundan buyon tashkilot Oʻzbekiston bilan barqaror rivojlanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ta’lim va madaniyat, inson huquqlari va gender tengligi hamda Orol dengiz masalalarini bartaraf qilishda hamkorlikda faoliyat yuritishadi.

BMT tashkil topganidan buyon hamma muammolarni toʻliq bartaraf qilolmagan boʻlsa-da, ayrim muhim voqea-hodisalarga oʻzining ta’sirini oʻtkaza oldi. Masalan, Suvaysh inqirozi davrida Misr, Isroil va Yevropa davlatlari oʻrtasida vujudga kelishi mumkin boʻlgan mojaroni tinchlikparvar kuchlarni joylashtirib, tomonlarni ajratish orqali bartaraf qildi, JSST dasturlari natijasida 1980-yilda chechak kasalligi butun dunyoda tugatilgani e’lon qilindi, uzoq vaqt Janubiy Afrika nazoratida boʻlgan Namibiya BMT yordamida mustaqillikka erishdi, Mozambikda uzoq vaqt davom etgan fuqarolar urushi tashkilot vositachiligi va tinchlikparvar missiyasi yordamida tugatildi, tashkilotning Qochqinlar ishlari boʻyicha Oliy komissarligi millionlab qochqinlarni himoya qilish, joylashtirish va ularga yordam berishda muhim rol oʻynab kelmoqda. Bundan tashqari Janubiy Afrikadagi irqiy kamsitishga qarshi siyosatiga qarshi uzoq yillar davomida siyosiy va iqtisodiy bosim oʻtkazdi. Bu tizimning tugatilishiga xalqaro yordam berdi.

BMT Oʻzbekistonda qanday ishlarni amalga oshirdi?

Ijtimoiy himoya va kambagʻallikni qisqartirish. BMTning Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF), Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va Taraqqiyot dasturi (BMTTD/UNDP) hamkorligida mamlakatda ijtimoiy nafaqalarni taqsimlash tizimi toʻliq shaffoflashtirildi. Buning natijasida ijtimoiy nafaqalar bilan qamrab olinganlar soni 600 mingdan 1,2 million nafarga oshdi.

Hukumat bilan birgalikda 2021–2030-yillarga moʻljallangan aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi ishlab chiqildi hamda amaliyotga joriy etildi.

Ekologiya va Orolboʻyi mintaqasini qayta tiklash. Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish maqsadida BMT shafeligida maxsus jamgʻarma tuzildi. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Qoraqalpogʻiston va Orolboʻyi hududlarida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, tibbiy xizmatni yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha oʻnlab loyihalar moliyalashtirildi. Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar oʻrmon va saksavulzorlar barpo etilishida BMT loyihalari texnik va moliyaviy koʻmak berdi.

Inson huquqlari va fuqaroligi yoʻq shaxslar muammosi. BMTning Qochqinlar ishlari boʻyicha oliy komissarligi (UNHCR) tavsiyalari va hamkorligi doirasida 2020-yilda yangi qonun qabul qilindi. Natijada Oʻzbekistonda uzoq yillar davomida yashab kelgan 50 mingga yaqin fuqaroligi yoʻq shaxs rasman Oʻzbekiston fuqaroligini oldi. BMTTD koʻmagida Oʻzbekiston tomonidan Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi va inklyuziv infratuzilmani yaxshilash loyihalari boshlandi.

Madaniy merosni muhofaza qilish. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarning jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilishi hamda ularni asl holatida saqlab qolish (restavratsiya) ishlarida BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (UNESCO) yaqindan koʻmaklashib keladi.

Sogʻliqni saqlash va ta’lim. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST/WHO) va UNICEF orqali COVAX dasturi doirasida Oʻzbekistonga millionlab doza koronavirusga qarshi vaksinalar, tibbiy uskunalar va dori-darmonlar yetkazib berildi. Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida darsliklarni modernizatsiya qilish, inklyuziv ta’limni joriy etish hamda bolalar salomatligini saqlash boʻyicha UNICEF tizimli dasturlarni amalga oshirmoqda.

BMT tugatilsa, nimalar sodir boʻladi?

2025-yilning noyabr oyida Al-Jazeera nashri agar BMT tarqatib yuborilsa, nimalar sodir boʻlishi haqidagi ekspertlar fikrini bir joyga jamladi. Unga koʻra, qochqinlar, migratsiya, sogʻliqni saqlash, tinchlikparvarlik va xalqaro huquq sohalarida yuzaga keladigan boʻshliqni qisqa muddatda toʻldirish qiyin boʻladi. Hozirgi kunda dunyoda 100 milliondan ortiq qochqin va majburiy koʻchirilgan shaxslar mavjud boʻlib, ularning muammolarini alohida davlatlar mustaqil hal qila olmaydi. BMTning yoʻqligi qochqinlar huquqlarining zaiflashishiga va migratsiya bosimining kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tugatilsa, kam daromadli mamlakatlar dori vositalari va vaksinalarni tasdiqlashda katta qiyinchiliklarga duch keladi. Shuningdek, pandemiyalarni erta aniqlash va ularga qarshi kurashish imkoniyatlari ham susayadi. Mutaxassislar xalqaro sudlar va genotsidga qarshi qonunlar saqlanib qolishini ta’kidlashadi, biroq ularni amalga oshirish mas’uliyati davlatlar va fuqarolik jamiyati zimmasiga yuklanadi. Shu sababli BMT kamchiliklariga qaramay, zamonaviy xalqaro tizimning muhim tayanchlaridan biri boʻlib qolmoqda.

BMTning toʻxtatilishi Oʻzbekistonga bosimlarni koʻpaytirishi mumkin. Agar bunday holat yuz bersa, uning Oʻzbekistonga taʼsiri ham ijobiy, ham salbiy, ham neytral xarakterga ega boʻlishi mumkin.

Geosiyosat va xavfsizlik. BMT – davlatlarning suvereniteti va chegaralari daxlsizligini xalqaro darajada kafolatlovchi bosh platformadir. BMT Nizomi yoʻqolsa, davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjat qolmaydi. Bu esa “Katta baliq kichkinasini yeydi” metaforasi kuchga kiradi va bu Markaziy Osiyoda yirik davlatlarning geosiyosiy bosimi va taʼsiri kuchayishiga olib kelishi mumkin. Oʻzbekiston suvga chiqish imkoniyati yoʻqligi va Afgʻoniston bilan munosabatlarda xavfsizlikni saqlash uchun ikki tomonlama shartnomalar va ShHT, KXHT, Yevroosiyo ittifoqi kabi regional tashkilotlar yordamiga tayanishga majbur boʻladi.

Migratsiya va inson huquqlari. Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya yoki Yevropa mamlakatlaridagi millionlab oʻzbekistonlik migrantlarning huquqlarini xalqaro konvensiyalar darajasida himoya qilish mexanizmi yoʻqoladi. Hammasi faqat Oʻzbekiston va oʻsha davlat oʻrtasidagi siyosiy kelishuvlarga bogʻliq boʻlib qoladi. Bundan tashqari, Mamlakat ichidagi inson huquqlari, majburiy mehnatga qarshi kurash (masalan, paxta kampaniyasidagi yutuqlar) xalqaro monitoringdan mahrum boʻladi. Bu ijobiy maʼnoda davlatga tashqi bosimsiz mustaqil qarorlar qabul qilish imkonini bersa, salbiy maʼnoda xalqaro standartlardan uzoqlashishga olib kelishi mumkin.

Ekologiya va Orolboʻyi fojiasi. BMT ekologik inqirozlarni global darajaga olib chiqadigan yagona minbardir. Orolboʻyi mintaqasi uchun tuzilgan BMTning koʻp sheriklik trast jamgʻarmasi yopiladi. Hududga kelayotgan xalqaro grantlar va ekologik investitsiyalar keskin kamayadi.

Iqtisodiyot va gumanitar dasturlar. Mamlakatdagi qashshoqlikni qisqartirish, inklyuziv ta'lim, sogʻliqni saqlash (JSST dasturlari) va raqamlashtirish boʻyicha UNDP va UNICEF tomonidan moliyalashtiriladigan yuzlab loyihalar toʻxtaydi. BMTning reytinglari va indekslari (Inson taraqqiyoti indeksi, Gender tengligi va b.) investorlar uchun mamlakat reytingini belgilab berardi. Bularning yoʻqolishi xorijiy sarmoyadorlar uchun noaniqlik tugʻdiradi.

Taxminlarga koʻra, tashkilotning tugatilishi Oʻzbekistonga ijobiy tomonlama ham ta’sir koʻrsatishi mumkin. Masalan, Oʻzbekiston xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari yoki turli majburiyatlaridan, baʼzan milliy manfaatlarga mos kelmaydigan hisobotlardan xoli boʻladi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari tashqi yordamsiz oʻz muammolarini hal qilish uchun birlashishga va kuchliroq regional blok (masalan, Markaziy Osiyo Ittifoqi) tuzishga majbur boʻlishadi.

Теги :
Siyosat