$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Tojikiston dunyodagi eng baland tosh to‘g‘on qurilishini davom ettirish uchun yana kredit oldi

Rog

Jahon banki Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi Tojikistonga loyihani moliyalashtirishda yordam berish dasturining birinchi bosqichi doirasida 350 million AQSh dollari miqdoridagi grantini tasdiqladi. Shuningdek, Tojikiston Respublikasi va Quvayt Arab iqtisodiyotini rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida Rog‘un GESi loyihasini amalga oshirish uchun 16,7 million dollar miqdorida kredit shartnomasi imzolandi.

Loyiha uchun ajratilgan grandlar va potensial hamkorlar

Rog‘un GESi qurilishini yakunlash uchun Tojikistonga 6,29 milliard AQSH dollari kerak bo‘ladi. Moliyalashtirish loyiha daromadlari, ichki resurslar va rivojlanish hamkorlari hisobidan amalga oshiriladi. Rog‘un GESiga investitsiyalar 2,97 milliard AQSH dollari miqdorida grantlar va bir qator rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va investorlar, jumladan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya bankining grantlari va imtiyozli moliyalashtirishlarini jalb qiladi. Shuningdek, loyihaning potensial hamkorlari ham yo‘q emas — Yevropa Ittifoqi, Islom taraqqiyot banki, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi, Saudiya jamg‘armasi, Abu-Dabi jamg‘armasi, Quvayt jamg‘armasi.

Tojikiston uchun o‘ta muhim obyekt

Rasmiylarga ko‘ra, Rog‘un GESi Tojikiston uchun o‘ta muhim obyekt hisoblanadi va mazkur gidroinshoot to‘la ishga tushganidan keyin hukumatning uchta strategik maqsadlaridan biri bo‘lmish uzoq kutilgan energetika mustaqilligiga erishiladi. Rog‘un Tojikistondagi eng qimmat loyihalardan biri hisoblanadi. Har yili Rog‘un GESi aksiyalari aholiga sotilishi va 500 million dollarlik yevrobondlarning xorijiy tashkilotlarga sotilishi hisobidan millionlab somoni sarflanadi. Shuningdek, mamlakat byudjetidan ham moliyaviy mablag‘lar beriladi. Moliya vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, birgina 2019-yilda davlat byudjetidan bu maqsadlar uchun 2 mlrd 100 mln. somoni yoki salkam 222 mln. dollar ajratilgan.

Birinchi ma’muriyat xavotiri

Rog‘un GES loyihasi sovetlar davridayoq ishlab chiqilgan va qurilish boshlangan edi, ammo fuqarolar urushi va daryoning quyi oqimidagi davlatlarning qarshiligi bilan Tojikiston hukumati GES qurilishini 2016-yilga kelibgina qayta tiklashga muvaffaq bo‘ladi. Tojikistonning Rog‘un GESi qurilishiga O‘zbekistonning avvalgi rahbariyati, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ham qarshi chiqqan edi: o‘shanda Toshkent zilzila yuz berigidek bo‘lsa, GES to‘g‘oni buzilish xavfi mavjudligidan tashvish bildirgan. Biroq Dushanbe mamlakatida Rog‘un singari GESlar mavjudligini, ular bir necha o‘n yildan beri seysmik barqaror ekanligini namoyon etib kelayotganini aytib kelgan.

Dunyodagi eng baland tosh to‘g‘on

Rog‘un GESida 6 ta agregat bo‘ladi va ular ekspluatatsiyaga tushirilganidan keyin bir yilda 17 mlrd. kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Rasmiylarning fikricha, bu nafaqat Tojikistonni arzon elektroenergiya bilan ta’minlaydi, balki qo‘shni Afg‘oniston va Pokistonga elektroenergiya eksport qilish imkonini beradi. Vaxsh daryosidagi 335 metr balandlikda qurilayotgan Rog‘un GES dunyodagi eng baland tosh to‘g‘on hisoblanadi. 

Buzilgan standartlar

Ma’lumot uchun, avvalroq Tojikistonda Rog‘un gidro elektr stansiyasini qurish loyihasini moliyalashtirishga tayyorgarlik ko‘rishda Jahon bankining ekologik va ijtimoiy standartlariga rioya etilmayotgani aniqlangan edi. Unga ko‘ra, ekologlar bankning oltita muhim standartlari buzilganini aniqlaydi: ekologik baholashning umumiy qoidalari, biologik xilma-xillikni saqlash, resurslardan samarali foydalanish, to‘g‘onlar xavfsizligi, jamoatchilik ishtiroki va majburiy ko‘chirish. Shuningdek, investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bankning ekologik va ijtimoiy siyosatiga rioya qilinmagan. Vaziyatni og‘irlashtirayotgan omil shuki, Jahon banki Rog‘un GES loyihasi uchun barcha moliyalashtiruvchi tashkilotlar (Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki va boshqalar) nomidan ekologik va ijtimoiy kafolatlarni ishlab chiqish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan.

Ma'lumot uchun, GESning loyihaviy o‘rnatilgan quvvati 3780 megavattni tashkil etadi. Bu Tojikistondagi 10 millionga yaqin aholini elektr energiyasidan foydalanish imkonini beradi va qish oylarida odatiy holga aylangan elektr taqchilligini bartaraf etadi. Rog‘un GESida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining qariyb 70 foizi eksport qilinadi. Bu qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘rnini bosadi va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytiradi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot