$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Mintaqaning “yashirin kartasi”: Vashington va Pekin Markaziy Osiyodan aslida nima qidiryapti?

central asia us china

Bir paytlar Buyuk Ipak yo‘li orqali Osiyodan Yevropaga ipak va ziravorlar tashilgan bo‘lsa, bugun bu yo‘nalishda butunlay boshqa “oltin – mudofaa sanoati, elektromobillar va smartfonlar uchun o‘ta muhim bo‘lgan nodir metallar oqimi shakllanmoqda. Global iqtisodiy qudrat o‘lchovi endi neft quvurlari bilan emas, balki litiy, kobalt, titan va volfram kabi strategik resurslarning ta’minot zanjirlari orqali belgilanadi. Yashil energetika va yuqori texnologiyalar poydevori bo‘lgan bu elementlar Vashington, Bryussel va Pekin o‘rtasidagi yangi shafqatsiz geosiyosiy raqobat markaziga aylandi.

Xo‘sh, ulkan zaxiralarga ega Markaziy Osiyo bundan keyin ham arzon xomashyo yetkazib beruvchi baza bo‘lib qoladimi yoki qo‘shimcha qiymat yaratadigan umumbashariy sanoat zanjirining asosiy bo‘g‘iniga aylana oladimi? Mintaqa oldida turgan kapital, texnologiya va ekologik muvozanat o‘rtasidagi bu murakkab tanlov uning kelajakdagi iqtisodiy mustaqilligini belgilab beradi.

Yangi Katta o‘yin va mintaqa potensiali

Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (OECD) ma’lumotlari Markaziy Osiyoning nima uchun yirik davlatlar nishonida ekanligini yaqqol ko‘rsatadi:

  • Markaziy Osiyo dunyodagi marganes rudasi zaxiralarining 39 foizini va xromning 31 foizini nazorat qiladi.
  • Shuningdek, mintaqa hissasiga qo‘rg‘oshinning 20 foizi va ruxning 13 foizi to‘g‘ri keladi.
  • Global titan zaxiralarining 9 foizi, alyuminiyning 6 foizi, hamda kobalt, mis va molibdenning har biridan 5 foizdan ortiq zaxira aynan shu hududda joylashgan.

Davlatlar miqyosida olib qarasak, Qozog‘iston Yevropa Ittifoqining kritik xomashyo ro‘yxatiga kiritilgan 34 ta mineralning 21 tasini eksport qilish salohiyatiga ega. Jahon Yadro Assotsiatsiyasi hisobotiga ko‘ra, qo‘shni davlat umumjahon ta’minotning qariyb 39 foizini ta’minlovchi dunyodagi eng yirik uran qazib oluvchi mamlakat hisoblanadi. Qirg‘iziston esa dunyodagi jami surma zaxiralarining 7 foizdan 13 foizgacha bo‘lgan qismini nazorat qilib, ushbu mineral bo‘yicha xalqaro miqyosda kuchli beshlikka kiradi. O‘zbekistonning mis zaxiralari bo‘yicha jahonda 11-o‘rinni egallashi Vashington, Bryussel, Anqara va Pekinning Toshkent hamda Ostonaga strategik qiziqishini keskin kuchaytirayotgan asosiy omillardandir.

Xitoy monopoliyasi va G‘arbning xavotiri

Kritik metallarni shunchaki qazib olish – masalaning faqat bir qismi. Asosiy geosiyosiy va iqtisodiy kurash ularni qayta ishlash, ya’ni rudadan sof metall ajratib, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bosqichida kechmoqda. Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy dunyodagi 20 ta eng muhim strategik mineralning 19 tasi bo‘yicha yetakchi qayta ishlash quvvatlariga ega bo‘lib, global bozorda o‘rtacha 70 foizlik ulushni o‘z qo‘lida saqlab turibdi. Yuqori texnologiyali magnitlar ishlab chiqarish segmentida esa Pekinning ustunligi 90 foizdan oshadi.

G‘arb uchun bu hol ta’minot zanjiridagi o‘ta xavfli qaramlikni anglatadi. Shu sababli, AQSH va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga Xitoyning monopoliyasini yumshatuvchi strategik muqobil sifatida qaramoqda va mintaqadagi ta’sirini kuchaytirishga urinmoqda. AQSH hamda O‘zbekiston o‘rtasida kritik minerallar bo‘yicha imzolangan memorandum hamda AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bilan yo‘lga qo‘yilgan investitsiya dasturlari bevosita Vashingtonning Pekin monopoliyasiga qarshi qadamlari sifatida baholanmoqda.

Xomashyodan voz kechish: Mintaqaviy qarshi yurish

Markaziy Osiyo davlatlari endilikda xomashyoni qayta ishlanmagan holda arzon eksport qilib, tayyor mahsulotni qimmat narxda import qilish modelidan voz kechishga harakat qilmoqda. Yangi strategiyaning asosiy maqsadi – to‘liq texnologik zanjirni mamlakat ichida shakllantirishdir.

O‘zbekistonda bu borada aniq qadamlar tashlangan. Xususan, 2024-yilda maxsus “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” (UzTMC) aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Hukumat 2030-yilgacha mis ishlab chiqarishni 500 ming tonnaga, oltinni 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga va uranni 15 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan.

Shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida (OKMK) qiymati 2,7 milliard dollarlik 3-mis boyitish fabrikasining birinchi bosqichi ishga tushirilib, kunlik mis konsentrati ishlab chiqarish hajmini 2400 tonnadan 5000 tonnagacha oshirish rejalashtirilmoqda. OKMKda qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodi qurilishi boshlandi.

Ushbu loyihalar to‘liq quvvatga kirgach, OKMK dunyodagi uchta eng yirik metallurgiya kompleksidan biriga aylanib, iqtisodiyotga yiliga qo‘shimcha 5 milliard dollar sof tushum olib kelishi kutilmoqda. Aynan shu strategik siljish fonida Turkiya bilan hamkorlik ham yangi bosqichga chiqdi. Ikki davlat savdo aylanmasi 3 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, Turkiyadan kirib kelgan 9 milliard dollarlik sarmoyalar tobora ko‘proq yuqori texnologiyali metallurgiyaga yo‘naltirilmoqda. Xususan, Turkiyaning mashhur OSTIM sanoat markazi bilan hamkorlikda “Future Metals Technopark” va maxsus tadqiqot markazi tashkil etildi.

Qo‘shni Qozog‘istonda ham geologiya sohasidagi faollik ortib, kelgusi uch yil ichida tarmoqqa 500 million dollar sarmoya kiritish rejalashtirilgan. Bunga AQSH Eksport-import banki (EXIM) tomonidan 900 million dollarlik kredit kafolati bilan qo‘llab-quvvatlanayotgan va umumiy qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan Shimoliy Katpar va Yuqori Kayraktin volfram loyihalarida “Cove Kaz” kompaniyasining aksiyadorga aylanganini misol qilish mumkin.

Ekologik inqirozdan qochib bo‘ladimi?

Kritik minerallar bumi mintaqaga misli ko‘rilmagan darajadagi kapital va zamonaviy texnologiyalarni olib kirmoqda. Garchi bugungi sarmoyalar kelajakdagi yuqori qo‘shimcha qiymatli ishlab chiqarish zanjirini shakllantirayotgan bo‘lsa-da, davlatlar zimmasidagi mas’uliyat faqat iqtisodiy foyda o‘lchovi bilan cheklanib qolmasligi kerak. Chunki konchilik va qayta ishlash sanoatining kengayishi doimo ulkan ekologik bosimni ham o‘ziga ergashtiradi.

Iqtisodiy o‘sish va geosiyosiy g‘alabalar ekologik inqirozlar evaziga qurilmasligi shart. Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik sammitidagi birdamlik tashabbuslari shunchaki deklarativ hujjat bo‘lib qolmasdan, amalda ishlaydigan qat’iy nazorat va javobgarlik mexanizmlariga aylanishi zarur. Zero, Markaziy Osiyoning jahonshumul iqtisodiy o‘yinlardagi haqiqiy yutug‘i faqatgina yer osti boyliklarining ko‘pligi bilan emas, balki bu resurslarni ekologik barqarorlikni saqlagan holda qayta ishlash va kelajak avlod uchun muvozanatni ta’minlash irodasi bilan o‘lchanadi.

Теги :
Iqtisodiyot
Siyosat