$
 11949.03
-52.91
 13921.81
-52.05
 166.28
-0.39
weather
+26
Кечаси   +14°

Kimyo mahsuloti ishlab chiqaruvchilari ichki ehtiyojning 60 foizini ham qoplay olmayapti

Kimyo sanoati

O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining jadal sur’atlarda o‘sib borishi sanoat tarmoqlarida tub tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda 3 000 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarilishining yo‘lga qo‘yilgani iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi, unda kimyo sanoatini jadal rivojlantirish hamda hududlarda yangi investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish masalalari chuqur tahlil qilindi.

Ushbu soha yaqin o‘tmishda asosan bir tomonlama xarakterga ega bo‘lib, bundan 9-10 yil muqaddam mamlakatimiz kimyo mahsulotlarining asosiy qismini faqat mineral o‘g‘itlar tashkil etar edi. Keyingi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida sohaga 8 milliard 300 million dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari jalb etildi va 87 ta yirik ishlab chiqarish quvvati foydalanishga topshirildi. Bu esa PVX, “yashil” vodorod, ko‘pikli polipropilen hamda BOPP plyonkasi singari 60 dan ortiq turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan yeni mahsulotlarni o‘zlashtirish imkonini berdi. Mazkur o‘zgarishlar tufayli tarmoqlarda minglab turdagi yakuniy mahsulotlarni chiqarish uchun mustahkam xomashyo bazasi shakllantirildi, tarmoq eksport ko‘rsatkichlari 3 barobarga ortdi, band bo‘lgan ishchilar soni esa 50 000 nafardan oshdi.

Ichki ishlab chiqarish mahalliy talabning 60 foizini ham qoplay olmaydi

Erishilgan yutuqlarga qaramay, yig‘ilishda tarmoqdagi tizimli kamchiliklar va to‘liq ishga solinmagan imkoniyatlar qat’iy tanqid ostiga olindi. Oxirgi 9 yillik davrda respublika sanoati o‘rtacha 6,3 foizga o‘sayotgan bir paytda, kimyo sohasidagi o‘sish sur’ati 3 foizga ham yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Hozirgi kunda mamlakatimizga chetdan olib kelinayotgan kimyo mahsulotlari importi yiliga 4,5 milliard dollarga yetgan bo‘lib, mahalliy korxonalar ichki ehtiyojning hatto 60 foizini ham qoplay olmayapti. Shu bilan birga, sohada 1 nafar ishchiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat miqdori boshqa rivojlangan davlatlardagiga qaraganda 2-3 barobar kam hisoblanadi.

Bunga sabab sifatida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining faqat o‘z tizimidagi cheklangan miqdordagi yirik korxonalar faoliyati bilan band bo‘lib qolgani ko‘rsatildi. Tarmoqda faoliyat yuritayotgan 5 000 dan ziyod korxonalar bilan tizimli muloqot o‘rnatish, ularning muammolari va tashabbuslarini tinglash jarayoni sust tashkil etilgan. Aynan mana shu uzilishlarni bartaraf etish va mavjud muammolarni bevosita hal qilish maqsadida, davlatimiz rahbari kimyo sanoati korxonalari vakillari bilan shaxsan uchrashib, istiqboldagi vazifalarni muhokama qildi.

Mamlakat hududida 550 million tonna natriy va kaliy zaxiralari bor

Respublikamizda yiliga 1,5 million tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilishi uchun 1 milliard 70 million kub metr tabiiy gaz sarflanmoqda. Holbuki, dunyoning ilg‘or mamlakatlari bugungi kunda selitra iste’molini qisqartirib, agrar sektorda karbamid va suvda eruvchan o‘g‘itlardan, tog‘-kon sanoatida esa g‘ovaksimon selitradan foydalanishga o‘tmoqda. Tannarxi ammiakli selitra bilan bir xil bo‘lgan g‘ovaksimon selitra tarkibidagi qoşilgan qiymat 2 barobar ko‘p ekanligi, mutasaddilar va korxona rahbarlaridan aynan mana shunday innovatsion loyihalar ustida ishlashni talab etadi. Shuningdek, “Navoiyazot” korxonasida ishlab chiqariladigan 1 tonna sian tuzining narxi 3 700 dollarni tashkil etsa, uni yanada chuqur qayta ishlab yelim olinsa, mahsulot qiymati 8 000 dollargacha ko‘tariladi. Shu bois, ushbu korxona qoshidagi klasterda umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng bo‘lgan 10 ta kam tonnali kimyo loyihalarini boshlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Geologiya sohasidagi boy imkoniyatlar ham qo‘shilgan qiymatni karrasiga oshirish uchun ulkan zamin yaratadi. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida 550 million tonna natriy va kaliy, 20 million tonna bentonit zaxiralari mavjud. Ushbu xomashyolarni chuqur qayta ishlash orqali kaustik soda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, qiymat 3 barobarga oshadi. Bundan tashqari, Jizzaxda 1,5 million tonna hamda Qoraqalpog‘istonda 500 000 tonna serpentinit zaxiralari aniqlangan bo‘lib, ularga sulfat kislotasi yordamida ishlov berish orqali tonnasi 5 000 dollargacha baholanadigan magniy oksidi olish mumkin. Serpentinit zaxiralarini yanada chuqurroq modifikatsiya qilish elektrotexnika sanoati uchun o‘ta zarur bo‘lgan nikel, xrom va kobalt metallarini ajratib olish imkonini berdi.

Ushbu salohiyatdan kelib chiqib, mutasaddilarga fosforit, galit, mirabilit va serpentinit kabi strategik xomashyo zaxiralarini 2 barobarga oshirishni nazarda tutuvchi 3 yillik dasturni shakllantirish hamda serpentinit xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha kamida 200 million dollarlik loyihalarni zudlik bilan boshlash vazifasi yuklatildi.

Mintaqada 2 milliard dollarlik bozor bor

Mintaqamiz miqyosida maishiy kimyo mahsulotlarining umumiy iste’mol bozori 2 milliard dollarni tashkil etadi va bu ichki ishlab chiqaruvchilar uchun katta imkoniyatdir. Masalan, “Angren” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yurituvchi mahalliy tadbirkor tomonidan dunyoga mashhur “Henkel” kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, hozirda ushbu transmilliy kompaniya korxonani sotib olgan holda, bu yerdan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatiga mahsulot eksport qilishni rejalashtirmoqda. Bunday muvaffaqiyatli tajribani kengaytirish maqsadida poytaxtimizdagi sanoat zonalaridan birining maydonlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri maishiy kimyo loyihalarini amalga oshirish uchun ajratiladi.

Yangi loyihalarni rag‘batlantirish uchun davlat tomonidan 50 million dollar yo‘naltirilishi belgilandi. Bu mablag‘lar hisobiga ishga tushirilgan korxonalar o‘z brendi bilan birga tayyor va daromadli biznes shaklida xususiy sektorga sotiladi. Mamlakatimizning boshqa viloyatlarida tashkil etiladigan xuddi shunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasidan 15 million dollar miqdorida mablag‘ ajratiladi. Umuman olganda, mutasaddilar zimmasiga maishiy kimyo yo‘nalishida kamida yana 100 ta yangi brend ostida mahsulot ishlab chiqarishni ko‘zda tutuvchi maxsus dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

3 yil ichida 2,8 millard dollarlik 42 ta loyiha ishga tushiriladi

Xalqaro tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, jahon bozorida mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talab har yili o‘rtacha 5 foizdan o‘sib boradi va 2030-yilda bu ko‘rsatkich 260 milliard dollardan oshadi. Ayniqsa, zamonaviy agrotexnologiyalarning joriy etilishi natijasida suvda eruvchan o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyoj keskin ortayotgani kuzatilmoqda. Xorijiy investorlar bilan olib borilgan samarali muzokaralar yakunida Qashqadaryo viloyatida yillik quvvati 230 000 tonna bo‘lgan, qiymati 114 million dollarlik loyihani, shuningdek, Sirdaryo viloyatida 400 million dollarlik yirik loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Yaqin 3 yil ichida soha rahbarlari va mahalliy hokimliklar oldida umumiy qiymati 2 milliard 800 million dollarga teng bo‘lgan 42 ta loyihani muvaffaqiyatli ishga tushirish vazifasi turibdi. Ushbu rejalarning amalga oshirilishi 2030-yilga borib mamlakatimizda azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmini 2,8 million tonnadan 4 million tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 400 000 tonnadan 900 000 tonnaga hamda suvda eruvchan o‘g‘itlarni 100 000 tonnadan 400 000 tonnaga yetkazish imkonini beradi.

Poytaxtda 60 gektar maydonga kimyo sanoati ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri quriladi

Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yuritayotgan yosh laborantlar, dual ta’lim tizimi asosida ishlayotgan talabalar va soha olimlarining ilmiy taqdimotlari bilan tanishib, tarmoqqa ilm-fanning kirib borayotganini ijobiy baholadi. Biroq, bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida ta’lim, amaliy tadqiqotlar, zamonaviy laboratoriyalar va startaplarni o‘z ichiga olgan yaxlit ilmiy-ishlab chiqarish zanjiri yaratilishi ma’lum qilindi.

Shu maqsadda, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 60 gektar maydonda Kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri tashkil etiladi. Mazkur majmua hududida Janubiy Korea bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo etilib, unda yangi mahsulotlarni tajriba-sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarning yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Kelgusi yilning yakuniga qadar Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali to‘liq ushbu yangi klasterning hududiga ko‘chirilishi belgilandi.

Kimyo yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqiladi

Suvda eriydigan o‘g‘itlar, zamonaviy polimerlar, maishiy va noorganik kimyo yo‘nalishlaridagi yirik loyihalar respublikamizda nanokimyo, “yashil” kimyo, super-molekulyar kimyo hamda sun’iy intellekt asosida kimyoviy modellashtirish kabi eng zamonaviy sohalar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni yuzaga keltiradi. Ushbu ehtiyojni ta’minlash maqsadida kimyo yo‘nalishida kadrlar tayyorlovchi 35 ta oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va kafedra mudirlari bevosita yangi investitsiya loyihalariga biriktirildi. Yangi o‘quv yilidan boshlab o‘quv dasturlari aynan shu real ehtiyojlar asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

Umuman olganda, mamlakatimiz kimyo sanoatida umumiy qiymati 17 milliard dollarga teng bo‘lgan 350 dan ziyod loyihani o‘z ichiga olgan keng qamrovli dasturni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Bunday ulkan marralarga erishish uchun sohani mutlaqo yangicha, ilmiy asoslangan va zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Shu munosabat bilan, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatini tubdan transformatsiya qilish zarurligi ta’kidlanib, mas’ul shaxslarga tegishli chora-tadbirlarni belgilash vazifasi yuklatildi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot