$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Rog‘un GESi ishlab chiqargan elektr energiyasining 70 foizi qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinadi

Rog

Joriy yilning 7-noyabr kuni Ostonada Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vaziri Daler Jum’a Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining 23-vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Konferensiyaning yalpi majlislaridan birida nutq so‘zlagan Daler Jum’a GES kelajakdagi imkoniyatlari haqida so‘z ochdi. Uning aytishicha, Rog‘un GESi mintaqadagi eng yirik gidroelektr stansiyalardan biri sifatida katta miqdorda elektr energiyasini yetkazib beradi. Bugungi kunga qadar ishga tushirilgan ikkita agregat 7,5 milliard kVt soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqargan.

Mintaqaga eksport hajmi oshiriladi

“Kelgusida Rog‘un GESi nafaqat Tojikiston Respublikasining energetik xavfsizligini ta’minlabgina qolmay, balki qo‘shni davlatlarga eksport hajmini oshirishga ham xizmat qiladi. Ta’kidlash joizki, ishlab chiqarilgan hajmning 70 foizi (taxminan 10 milliard kVt/soat) mintaqa mamlakatlarida o‘sib borayotgan talabni qoplash uchun eksport qilinadi”, — dedi vazir. Qayta tiklanadigan energiya manbalari, masalan, gidroenergetika ulushini oshirish uglerod chiqindilarini kamaytirish va global iqlim o‘zgarishi sharoitida tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga yordam berishi ta’kidlandi.

Tojikiston uchun o‘ta muhim obyekt

Rasmiylarga ko‘ra, Rog‘un GESi Tojikiston uchun o‘ta muhim obyekt hisoblanadi va mazkur gidroinshoot to‘la ishga tushganidan keyin hukumatning uchta strategik maqsadlaridan biri bo‘lmish uzoq kutilgan energetika mustaqilligiga erishiladi. Rog‘un Tojikistondagi eng qimmat loyihalardan biri hisoblanadi. Har yili Rog‘un GESi aksiyalari aholiga sotilishi va 500 million dollarlik yevrobondlarning xorijiy tashkilotlarga sotilishi hisobidan millionlab somoni sarflanadi. Shuningdek, mamlakat byudjetidan ham moliyaviy mablag‘lar beriladi. Moliya vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, birgina 2019-yilda davlat byudjetidan bu maqsadlar uchun 2 mlrd 100 mln. somoni yoki salkam 222 mln. dollar ajratilgan.

Birinchi ma’muriyat xavotiri

Rog‘un GES loyihasi sovetlar davridayoq ishlab chiqilgan va qurilish boshlangan edi, ammo fuqarolar urushi va daryoning quyi oqimidagi davlatlarning qarshiligi bilan Tojikiston hukumati GES qurilishini 2016-yilga kelibgina qayta tiklashga muvaffaq bo‘ladi. Tojikistonning Rog‘un GESi qurilishiga O‘zbekistonning avvalgi rahbariyati, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ham qarshi chiqqan edi: o‘shanda Toshkent zilzila yuz berigidek bo‘lsa, GES to‘g‘oni buzilish xavfi mavjudligidan tashvish bildirgan. Biroq Dushanbe mamlakatida Rog‘un singari GESlar mavjudligini, ular bir necha o‘n yildan beri seysmik barqaror ekanligini namoyon etib kelayotganini aytib kelgan.

Dunyodagi eng baland tosh to‘g‘on

Rog‘un GESida 6 ta agregat bo‘ladi va ular ekspluatatsiyaga tushirilganidan keyin bir yilda 17 mlrd. kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Rasmiylarning fikricha, bu nafaqat Tojikistonni arzon elektroenergiya bilan ta’minlaydi, balki qo‘shni Afg‘oniston va Pokistonga elektroenergiya eksport qilish imkonini beradi. Vaxsh daryosidagi 335 metr balandlikda qurilayotgan Rog‘un GES dunyodagi eng baland tosh to‘g‘on hisoblanadi. 

Buzilgan standartlar

Ma’lumot uchun, avvalroq Tojikistonda Rog‘un gidro elektr stansiyasini qurish loyihasini moliyalashtirishga tayyorgarlik ko‘rishda Jahon bankining ekologik va ijtimoiy standartlariga rioya etilmayotgani aniqlangan edi. Unga ko‘ra, ekologlar bankning oltita muhim standartlari buzilganini aniqlaydi: ekologik baholashning umumiy qoidalari, biologik xilma-xillikni saqlash, resurslardan samarali foydalanish, to‘g‘onlar xavfsizligi, jamoatchilik ishtiroki va majburiy ko‘chirish. Shuningdek, investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bankning ekologik va ijtimoiy siyosatiga rioya qilinmagan. Vaziyatni og‘irlashtirayotgan omil shuki, Jahon banki Rog‘un GES loyihasi uchun barcha moliyalashtiruvchi tashkilotlar (Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki va boshqalar) nomidan ekologik va ijtimoiy kafolatlarni ishlab chiqish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan.

Теги :
Iqtisodiyot