$
 12047.45
26.55
 14099.13
110.41
 151.90
-3.59
weather
+26
Кечаси   +14°

Xitoyda sunʼiy intellektli uy hayvonlari trendga chiqdi

robot pet

Sun’iy intellekt endi nafaqat yordamchi, balki uy hayvoni rolini ham o‘ynay boshladi. Bunday qurilmalar haqiqiy uy hayvonlariga xos bo‘lgan oziqlantirish, parvarish va sayrga olib chiqish kabi mas’uliyatli ishlarni talab qilmaydi. Taobao kabi platformalarda ular taxminan 200 AQSh dollari atrofida sotilmoqda. Xo‘sh, nega bu texnologiya ommalashmoqda? SI haqiqiy hayvonning oʻrnini bosa oladimi?

Nega bu texnologiya ommalashmoqda?

Anʼanaviy uy hayvonlari inson uchun yaqin do‘st va antistress bo‘lib xizmat qilsa-da, ular katta masʼuliyat va vaqt talab etadi. Sunʼiy intellektli hayvonlar esa sizdan hech nima talab qilmasdan xuddi shu hissiy ehtiyojlarni qondira oladi. Ular muloqot qilish, turli buyruqlarga javob berish, hatto egasining kayfiyatini aniqlab, unga mos reaksiya bildirish kabi funksiyalarga ega.

Bundan tashqari, ular oziq-ovqat yoki maxsus joyga ehtiyoj sezmaydi. Haqiqiy mushukning issiq joy izlab divanga chiqishini yoki itning sayr qilish uchun eshik oldida turib olishini tasavvur qiling. Sunʼiy intellektli hayvonlar esa bunday tashvishlardan xoli.

Yolgʻizlikni yengishda yordamchi

Keling, chuqurroq tahlil qilamiz. Sunʼiy intellektli hayvonlarning ommalashayotgani nafaqat ularning texnologik afzalliklarida, balki zamonaviy hayot tarzining muayyan ehtiyojlarini qondirishida ham mujassam:

 1. Tejamkorlik va qulaylik. Bu hayvonlar na oziqlanishni, na tibbiy parvarishni talab qiladi. Shu bilan birga, ularni sayrga olib chiqish yoki uydan uzoqda bo‘lganingizda qo‘shnilar yordamiga murojaat qilishga hohat boʻlmaydi.

 2. Ijtimoiy izolyatsiyaga qarshi yechim. Keksalar va yolg‘iz yashovchilar uchun bu qurilmalar haqiqiy hamroh kabi xizmat qilmoqda. Baʼzi foydalanuvchilar sunʼiy hayvonlar yordamida yolg‘izlikni yengayotganlarini taʼkidlashmoqda.

 3. Texnologiyaga ishonch. Texnologiyaga ishonch Xitoy jamiyatining ajralmas qismi. Aholi har qanday texnologik yangilikni tezda o‘z hayotiga tatbiq etishga moyil. Sunʼiy intellektli hayvonlar esa nafaqat qulaylik, balki inson va texnologiya o‘rtasidagi aloqaning yangi qirralarini kashf etib, yanada katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Xavotirlar

Ba’zi mutaxassislar ushbu texnologiya insonning tabiat bilan bo‘lgan haqiqiy aloqasini zaiflashtiradi, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, texnologiyaga qaramlikni oshirish ehtimoli ham bor. Sun’iy intellektli uy hayvonlari odamlarning haqiqiy hayvonlarga bo‘lgan qiziqishini kamaytirishi mumkin.

Haqiqiy hayvonning oʻrnini qanchalik bosa oladi?

Sunʼiy intellekt asosidagi uy hayvonlari texnologiyaning hayotimizda qanchalik chuqur va keng o‘rin egallayotganining yorqin misolidir. Ular haqiqiy hayvonlarni to‘liq almashtira olmasligi aniq, ammo insonlarning ehtiyojlarini muayyan darajada qondirish qobiliyatiga ega.

Balki yaqin orada sunʼiy intellektli hayvonlarni hamyonimizga moslashtirilgan narxlarda ko‘rarmiz. Lekin “robot do‘stlar”ning muvaffaqiyati haqida gap ketganda, odatiy hayvonlarning ham o‘ziga xos jihatlarini unutmaslik kerak. Bir narsa aniq: robot-mushuk hech qachon tumshug‘i bilan sizga sekingina suykalib, erkalanib, iliqlik ulasha olmaydi; bog‘da itingizni sayrga olib chiqishning chinakam zavqi va hissiyotini hech qaysi texnologiya taqdim eta olmaydi.