$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Aholiga imtiyozli narxlarda yetkazilishi kerak bo‘lgan minglab tonna ko‘mir talon-toroj qilindi

ko

Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXX tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida bir qator hududlarda ko‘mir talon-toroj holatlari aniqlandi. Namangan, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikalaridagi omborlarda aholi va ijtimoiy obyektlarga imtiyozli narxlarda yetkazilishi kerak bo‘lgan ko‘mir boshqa shaxslarga sotilib, umumiy qiymati milliardlab so‘mlik yo‘qotishlar kelib chiqqan.

Namanganda 4,1 milliardlik ko‘mir talon-toroj qilingan

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Namangan shahri ko‘mir ombori mas’ul shaxslari kuz-qish mavsumida imtiyozli narxlarda aholiga yetkazib berish uchun ajratilgan umumiy bahosi 4,1 milliard so‘mlik jami 13,3 ming tonna ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib yuborib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Xorazmda 345,8 tonna ko‘mir kamomadi aniqlangan

Shu kabi, Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Bog‘ot tumani ko‘mir ombori kassiri S.K. haydovchisi E.O. va ombor qorovuli K.M. umumiy bahosi 85,5 mln. so‘mlik 276 tonna ko‘mirni ombordan yashirincha olib chiqib, shundan 900 kg. ko‘mirni fuqaro M.X.ga 1 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, ushbu ko‘mir omborida 345,8 tonna ko‘mir kamomadi aniqlangan.

Qoraqalpog‘istondagi holat

Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “I.T.S.” MCHJ mas’ul shaxslari Taxtako‘pir va Shumanay tumanlaridagi ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ko‘mir xarid qilish uchun byudjetdan ajratilgan 1,4 mlrd. so‘m mablag‘larning 340,8 mln. so‘mini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.