$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda bank tizimida raqobat kuchaymoqda

bank

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekiston bank sektorida raqobat dinamikasi 2024-yilning III choragi uchun Herfindal-Hirshman indeksi (HHI) asosida baholandi.

Banklar o‘rtasidagi raqobat darajasi qanday o‘lchanadi?

O‘zbekiston bank sektoridagi raqobat darajasi Herfindal-Hirshman indeksi (HHI) orqali baholanadi. Bu indeks banklarning bozor ulushini hisoblash orqali aniqlanadi va undan raqobat kuchini tahlil qilishda foydalaniladi. HHI ko‘rsatkichi past bo‘lsa, bu raqobat darajasining yuqori ekanini anglatadi. Umuman olganda:

 • HHI 1500 dan past bo‘lsa – yuqori raqobat,

 • HHI 1500 dan 2500 gacha bo‘lsa – o‘rtacha raqobat,

 • HHI 2500 dan yuqori bo‘lsa – past raqobat mavjudligini bildiradi.

2019-yildan boshlab O‘zbekistonning bank sektorida aktivlar, depozitlar va kreditlar bo‘yicha yuqori raqobat darajasi kuzatilmoqda, ya’ni ushbu segmentlarda HHI 1500 dan past bo‘lgan.

Aktivlar bozoridagi o‘zgarishlar

2024-yilning III choragiga kelib, tijorat banklarining aktivlar bo‘yicha HHI ko‘rsatkichi 839 ni tashkil etgan bo‘lib, bu 2023-yilning mos davridagi 907 birlikdan ham pastdir. Shuningdek, bu yilning II choragiga nisbatan 23 birlikka pasaygan. Bu raqamlar banklar o‘rtasidagi raqobatning oshganini bildiradi.

O‘zbekiston banklaridagi umumiy aktivlar hajmi 2024-yilning III choragida 738,7 trillion so‘mga yetdi. Bunda davlat ulushiga ega ikkita eng yirik bank – “O‘zmilliybank” va “O‘zsanoatqurilishbank”ning bozor ulushi 1,8 foiz bandga kamaygan. Ayni paytda xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning ulushi ortib, 33 foizni tashkil etdi. Jumladan, “Poytaxtbank” Birlashgan Arab Amirliklarining “Bond Investments limited” LLC tomonidan sotib olinishi bilan xususiy banklar safiga qo‘shildi.

Kreditlar bozorida raqobat

Kreditlar bozoridagi HHI indeksi ham pasayishda davom etmoqda. 2024-yilning 1-oktyabr holatiga ko‘ra, bu indeks 943 birlikni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning mos davridagi 986 birlikdan ham pastdir. Kreditlar bo‘yicha raqobat kuchaygani sababli tijorat banklari tomonidan aholiga va yuridik shaxslarga ko‘proq kredit ajratildi. Bu esa umumiy kreditlar hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,2 foizga oshib, 515,6 trillion so‘mga yetganini ko‘rsatadi.

Kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari pasaydi: 2024-yilning 1-oktyabr holatiga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun 23,8 foizni, yuridik shaxslar uchun esa 22,7 foizni tashkil etdi. Bu ham raqobat kuchayishi natijasida kredit shartlari jozibador bo‘lib borayotganidan dalolatdir.

Depozitlar bozorida ham ichki raqobat kuchaymoqda

Depozitlar bozorida raqobat boshqa segmentlarga qaraganda ham yuqoriroq. 2024-yil III choragida depozitlar bo‘yicha HHI indeksi 657 ni tashkil etdi, bu esa raqobatning yuqoriligini ko‘rsatadi. Mazkur davrda xususiy banklar va chet el kapitali ishtirokidagi banklar orasidagi ichki raqobat kuchayib, davlat ulushiga ega uchta yirik bankning umumiy depozitlardagi hissasi 0,9 foiz bandga kamaydi.

Depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari jismoniy shaxslar uchun o‘rtacha 22 foizni, yuridik shaxslar uchun esa 16,2 foizni tashkil etdi. Bu aholini banklarga omonat qo‘yishga undaydigan foydali shartlar yaratmoqda.

Umumiy vaziyat

O‘zbekistonda bank sektorida davlat ulushi kamayib, xususiy va chet el kapitaliga ega banklar o‘z pozitsiyalarini mustahkamlayapti. Bu o‘zgarishlar banklar o‘rtasida raqobatni kuchaytirib, mijozlarga ko‘proq tanlov va qulay shartlar taklif qilish imkonini bermoqda.