$
 12653.48
-109.05
 14871.64
-106.47
 159.75
-2.91
weather
+26
Кечаси   +14°

Quyosh halokati Yerni nobud qilmaydi(mi?)

quyosh

Shu vaqtga qadar Quyosh o‘z halokati oldidan Yerni yutib yuborishi haqida hisob-kitoblar mavjud edi. Biroq olimlar Quyosh va Yerning kelajagini aks ettiruvchi astronomik hodisaga guvoh bo‘lishdi. Bu esa Yerning taqdiri haqidagi mavjud qarashlarni o‘zgartirib yubordi.

Yer va Quyosh kelajakdagi qiyofasini aks ettiruvchi o‘xshash sayyoralar tizimi

Ma’lum qilinishicha, Kaliforniya universiteti olimlari astronom Keming Jan boshchiligida mikrolinzalash usuli bilan o‘lik yulduz atrofida aylanayotgan ekzosayyora — oq pakanani kashf etdi. Tadqiqotchilarning e’tiborini tortgan narsa shuki, bu tizim Quyosh tizimiga o‘xshab ketadi, uning holati esa Yer va Quyoshning kelajakdagi qiyofasini aks ettirishi mumkin. Bu tadqiqot Nature Astronomy jurnalida e’lon qilindi.

Olimlar oq pakanalar tizimini kuzatayotganda, tasodifan orqa fondagi yulduzlarning yorug‘ligi buzilganini aniqladi. Bu hodisa gravitatsion linzalash deb ataladi. Olimlarni qiziqtirgan sayyora aynan shunday kashf etildi. Tadqiqotchilar uning massasi Yer massasidan 1,9 marta katta ekanini aniqladi, biroq bu obyektning tuzilishi Yernikiga o‘xshab ketadi.

Shuning bilan birga, oq pakanagacha bo‘lgan masofa ham hisoblab chiqildi. U 2,1 astronomik birlikka teng ekani ma’lum bo‘ldi, ya’ni Quyosh bilan Yer orasidagi masofadan ikki barobar ko‘proq.

Quyosh ham Yerni “omon qoldirishi mumkin”

Kashfiyotning eng muhimi jihati — yulduzning halokatidan keyin ham tizimda bu sayyoraning tirik qolishi edi. Oq pakananing massasi baholangach, uni tirik qoldirgan yulduz Quyoshga o‘xshash ekani aniqlandi. Bunday yulduzlar halok bo‘lishidan oldin qizil gigantlarga aylanadi.

Hisob-kitoblarga qaraganda, kelgusida Quyosh ham kengayib, Merkuriy va Venerani, shuningdek, Yerni ham yutib yuborishi mumkin. Biroq yaqindagina topilgan sayyora misolida uning falokatdan omon qolganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, pakana sayyora yulduz halok bo‘lishidan oldin taxminan Quyosh va Yer oralig‘idagi masofada joylashgan edi, yulduzning “so‘nggi talvasasi” paytida esa “uzoqlashgan”.

Shuningdek, zamonaviy modellarda Quyosh kengayishni boshlaganda, Yer yutilishdan qutula oladimi yoki yo‘q, degan masalada turlicha fikrlar mavjud. Buning sababi, qizil gigantning massa yo‘qotish tezligi haqida bilimlar juda oz. Kaliforniyaliklar kashfiyoti shuni ko‘rsatadiki, Yerning halokatini bashorat qiluvchi ayrim modellar haddan tashqari pessimistik. Sayyoramiz yutilishdan qutulib qolishi mumkin — buni oq pakana misolida ko‘rdik.

Kelajakda yerliklar Yerning halokatini boshqa sayyoradan turib kuzatishadi

Tadqiqotda aytilishicha, Yer aholisi bu jarayonlarni ko‘ra olmasligi mumkin. Chunki, Quyosh taxminan 5 milliard yildan so‘ng qizil gigantga aylanishni boshlaydi. Ammo jarayondan oldinroq uning harorati ko‘tarilib, sayyoramizda hozirgidek hayot kechirish imkonsiz bo‘lib qoladi. Buning o‘rniga, Saturn va Yupiterning yo‘ldoshlari yashash uchun qulay zonaga aylanishi mumkin. Olimlarning taxminiga ko‘ra, insoniyat o‘sha yerlarga ko‘chib o‘tadi va ulardan turib Yerga nima bo‘layotganini kuzatadi.