$
 12374.55
-48.35
 14425.01
-32.76
 153.13
-1.17
weather
+26
Кечаси   +14°

Pnevmatik va boshqa shunga o‘xshash qurollarni ixtiyoriy ravishda topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinadi

Pnevmatik qurol

Senatning 18-maydagi navbatdagi yalpi majlisida “Qurol toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 220-1-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun koʻrib chiqildi.

“Qurol toʻgʻrisida”gi qonun

Maʼlumki, qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar muomalasi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish maqsadida mamlakatimizda “Qurol toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan, shuningdek, qurol-yarogʻning noqonuniy aylanishining oldini olish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2023-yilda 1072 dona noqonuniy qurollar

Shu bilan birga o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan qoida shaxslar boshqa turdagi qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganda ularni javobgarlikdan ozod qilish muammosini hal etmaydi.

Masalan, birgina 2023-yilning o‘zida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 1072 dona noqonuniy (ichki ishlar organlarida qayd etilmagan) qurollar aniqlangan, 839 nafar fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 220-moddasi 1- qismi bilan javobgarlikka tortilgan .

Qurollarni ixtiyoriy ravishda topshirganlar 1599 nafar

Shuningdek, 2023-yilda ichki ishlar organlariga 1599 nafar fuqaro tegishli ruxsatnomasiz saqlagan pnevmatik qurollarni ixtiyoriy ravishda topshirishni so‘rab murojaat qilgan.

Sovuq qurol bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar

2023-yilda pnevmatik qurolni qo‘llash bilan 5 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan, buning oqibatida 4 nafar fuqaro tan jarohati olgan, 1 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

Amaldagi qonunchilik

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra fuqaro o‘z ixtiyori bilan pnevmatik qurolni olib kelib topshirsa ham ushbu qurol musodara qilinib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravariga, mansabdor shaxslarga esa – yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin.

Vaholanki, Jinoyat kodeksining 248-moddasida jamoat xavfsiziligi darajasi ancha yuqoriroq bo‘lgan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Qurollarni ixtiyoriy tarzda topshirganlar javobgarlikka tortilmaydi

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 220-moddasiga shaxsni o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ixtiyoriy ravishda topshirganda maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

“Ushbu Qonun fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yana-da ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga, shuningdek, jamoat tartibini saqlash va o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarining qonunga xilof muomalasi hollarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qiladi”, - deyiladi Oliy Majlis senati xabarida.

Muhokamalardan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Теги :
Jamiyat