$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Qurilish sohasidagi ishchilar malakasini baholash tizimi joriy qilinadi

qurilish

Qurilish sohasidagi ishchilar malakasini baholash tizimini joriy qilish belgilanmoqda. Bu haqda 23-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda malum qilindi.

Yangi hajm va eski standartlar

Unda so‘nggi yillarda mamlakatda qurilish hajmi yiliga o‘rtacha 7−8% o‘sgani bilan haligacha eski norma, standart va yondashuvlar saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Sohaga yuqori texnologiya, ilm va innovatsiyani joriy qilish ishlari talabga javob bermasligi qayd etildi.

Masalan, shaharsozlik normalari va qoidalarining 38tasi ro‘yxatdan o‘tmagan, yana 13 tasi yangilanmagan. Quruvchilar yangi obyekt qurishda loyihaga maxsus texnik shart olish uchun qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflayotgani tannarxga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi. Qurilishdagi o‘zgarishlardan orqada qolmaslik uchun ShNQlarni muntazam yangilash kerakligi aytildi.

Milliy norma

Qurilish va Adliya vazirliklariga bir oyda 38 ta ShNQni ro‘yxatdan o‘tkazib, amaliyotga joriy qilish, kelasi yilning 1-martiga qadar 16 qavatdan yuqori binolar, savdo kompleksi va parkinglar bo‘yicha milliy normalarni hamda yana 13ta ShNQni ishlab chiqish topshirildi.

Qurilish ishchilarining malakasini baholash tizimi

Yil yakunigacha 16 qavatdan yuqori binolar qurish bo‘yicha Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshida alohida Konstruktorlik byurosi tashkil qilinishi belgilandi.

Qurilish korxonalarida 300 mingga yaqin odam mehnat qiladi. Ularning malakasini oshirish, o‘qitish masalasi dolzarb hisoblanadi. Shu sabab, ishchilar malakasini baholaydigan tizim joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.

Ishchilar o‘qitiladi

Bunda ishchi-kasblarga malaka darajasi va ish o‘rinlariga aniq talablar belgilanadi, bu darajani olish uchun ishchilar profta’lim muassasalarida o‘qitiladi. Ishni mustaqil yoki shogird sifatida o‘rganganlarga sertifikat olish uchun malaka imtihonidan o‘tishi yetarli bo‘ladi. Sertifikati bor ishchilari soniga qarab, reyting tizimida pudratchilarga 15 ballgacha qo‘shimcha ball beriladi. Xuddi shu tizim loyiha tashkilotlari uchun ham joriy qilinadi.