Odam savdosi 4 yilda 43 foizga oshdi
Qurbonlarining 61 foizini ayollar va qiz bolalar tashkil etadi. O‘g‘il bolalar asosan majburiy mehnat (45 foiz), tilanchilik yoki jinoiy faoliyatga majburan jalb qilish uchun sotilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

COVID-19 pandemiyasi davridagi pasayishdan so‘ng dunyoda odam savdosi yana o‘sish bosqichiga o‘tdi. Xususan, 2022-yilda odam savdosi qurbonlari soni 2019-yilga nisbatan 25 foizga va 2020-yilga nisbatan 43 foizga oshgan. Bu haqda bugun, 11-dekabr kuni e’lon qilingan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hisobotida keltirilgan.
Asosiy sabab nima?
Hisobotga ko‘ra, odam savdosi o‘sishining asosiy sabablari qashshoqlik, qurolli mojarolar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq. 2022-yilda kamida 162 millat vakillari odam savdosi qurboni bo‘lib, 128 davlatga sotilgan. Qurbonlarning eng katta qismi Shimoliy Afrika va Saxaradan janubdagi Afrika mamlakatlaridan (31 foiz) bo‘lgan. Ikkinchi o‘rinda Yevropa mamlakatlari (27 foiz) turadi, ayniqsa Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlarida (12 foiz) ko‘proq kuzatiladi.
Qurbonlarning 61 foizini xotin-qizlar tashkil etadi
Bundan tashqari, bolalar savdosi qurbonlari soni 2022-yilda 2019-yilga nisbatan 31 foizga oshgan. Ko‘pincha qiz bolalar (38 foiz) odam savdosining qurboniga aylanib, yuqori daromadli davlatlarga ham sotilgan. Umuman olganda odam savdosi qurbonlarining 61 foizini ayollar va qiz bolalar tashkil etadi. O‘g‘il bolalar asosan majburiy mehnat (45 foiz), tilanchilik yoki jinoiy faoliyatga majburan jalb qilish uchun sotilgan.



