9 oyda jami 644 nafar davlat xizmatchisining mehnatiga haq to‘lashda huquqlari buzilgan
Davlat idoralarida sodir bo‘lgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 87 nafar xodimning mehnat haqlari tiklanib, aybdorlarga jarimalar qo‘llandi.
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat idoralarida davlat fuqarolik xizmatchilarining huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi o‘rganilmoqda. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan 2024-yilning 9 oyida davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bilan bog‘liq o‘rganishlar o‘tkazildi va qator ta’sir choralari qo‘llanildi.
Davlat idoralarida qonunbuzilish holatlari
Tahlillarga ko‘ra, o‘rganishlar davomida aniqlangan muammolar:
– 788 ta holatda tanlov o‘tkazish tartibiga amal qilinmagan, 272 nafar fuqaro davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga tanlovsiz ishga qabul qilingan hamda 7 ta holatda kadrlar bo‘yicha rahbarlik lavozimiga nomzod Agentlik bilan kelishmasdan tayinlangan;
– 644 nafar davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatiga haq to‘lashda ularning huquqlari buzilgan;
– 167 nafar davlat fuqarolik xizmatchisiga mehnat ta’tillarini berishda, 96 nafariga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llashda, 4 nafar xodimni ishdan bo‘shatishda qonunchilik talablariga amal qilinmagan;
– 1438 ta holatda inson resurslarini boshqarishga oid ma’lumotlar va hujjatlar “hrm.argos.uz” elektron platformasi orqali shakllantirilmagan.
Qanday choralar ko‘rildi?
– 178 ta taqdimnoma kiritilgan;
– 236 ta ma’muriy taklif berilgan;
– 510 ta yozma ogohlantirish xatlari yuborilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida 87 nafar xodimning mehnat haqlari tiklandi, 81 ta noqonuniy buyruq bekor qilindi va 101 nafar aybdor shaxsga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. 21 ta holatda Tanlov komissiyasining xulosasi bekor qilingan va tanlov qayta o‘tkazilgan.
Shundan 14 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining hududiy bosh boshqarmalari bilan hamkorlikda 186 nafar aybdor shaxsga nisbatan 340 million 800 ming so‘m (340,8 mln so‘m) ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.



