$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Mubashshir Ahmad atrofidagi vaziyat: IIV texnik xatolikni tan oldi, u ekstremizmda gumon qilinmayapti

Alisher Tursunov

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 19-fevral kuni taniqli diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) Jinoyat kodeksining 244²-moddasi (ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlik) bo‘yicha qidiruvga berilganini e’lon qilgan edi. Biroq bugun, 21-fevral kuni IIV bu ma’lumot xato ekani va texnik xatolikka yo‘l qo‘yilgani haqida ma’lum qildi. Endilikda Mubashshir Ahmad ekstremizmga aloqador jinoyatda gumon qilinmaydi.

Xato qayerdan kelib chiqqan?

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mubashshir Ahmad ekstremizmga aloqador jinoyat bo‘yicha qidiruvga berilmagan. Aslida, unga 2023-yil avgust oyida Jinoyat kodeksining 244³-moddasi — diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy tarqatish bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. O‘sha paytda unga nisbatan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasi qo‘llanib, qidiruv e’lon qilingan. Biroq ma’lumotlarni IIVning rasmiy bazasiga kiritishda texnik xatolik yuzaga kelib, u ekstremizm bo‘yicha qidiruvga berilgan shaxs sifatida noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.

IIV vakili Shohrux G‘iyosovning ta’kidlashicha, hozirda ushbu ma’lumotlar to‘g‘rilangan.

Mubashshir Ahmadning Turkiyada qo‘lga olinishi

Mubashshir Ahmad 2023-yil avgust oyida “Azon.uz” saytining faoliyatini to‘xtatganini e’lon qilgan. Shundan so‘ng, u Turkiyaga chiqib ketib, “Azon Global” axborot-tahliliy portalida ishini davom ettirgan.

Biroq 2023-yil 28-dekabr kuni u Turkiya politsiyasi tomonidan Istanbul viloyati Chatalja tumanida joylashgan Binkilich deportatsiya markaziga joylashtirilgan.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Turkiya huquq-tartibot organlari bilan muzokaralar olib borib, yakunda 2024-yil 21-fevral kuni Mubashshir Ahmad deportatsiya markazidan chiqarilgan va oilasi bag‘riga qaytgan.

Теги :
Jamiyat