O‘zbekiston IIV Mubashshir Ahmadni qidiruvga berdi
Ta’kidlanishicha, Azon Global asoschisi diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki taqiqlangan boshqa tashkilotlarni tashkil etish, ularga rahbarlik qilish va ularda qatnashish bilan gumonlanmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Azon.uz sayti asoschisi va Azon Global tahliliy portal asoschisi, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov qidiruvga berildi, deb xabar qildi O‘zbekiston IIVga tayanib Daryo nashri.
Sabab – diniy ekstremistik
Departament matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, Tursunov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi – diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki taqiqlangan boshqa tashkilotlarni tashkil etish, ularga rahbarlik qilish va ularda qatnashish bo‘yicha qidiruvga berilgan.
Turkiyada qo‘lga olingan Mubashshir
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil avgust oyida u bu qarorining sababini ko‘rsatmasdan turib, islomiy mavzularga ixtisoslashgan barcha Azon.uz loyihalari yopilishini e’lon qilgan edi. Keyinchalik yangi Azon Global portali ishga tushirilgan.
2023-yil dekabrida Tursunov huquq-tartibot idoralari tomonidan Turkiyada qo‘lga olingan, biroq oradan bir yarim oy o‘tib deportatsiya markazidan qo‘yib yuborilgan.



