Kelasi yildan Toshkentdan Issiqko‘lga turistik poyezd qatnay boshlaydi
Issiqko‘lga poyezd qatnovi masalasi 2017—2019-yillarda ham muhokamaga qo'yilgan, biroq noma'lum sabablarga ko‘ra, reja amalga oshmay qolgan edi.
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston temiryo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv tafsilotlari
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar temiryo‘l transporti bo‘yicha kengashning 81-yig‘ilishi doirasida “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ boshqaruv raisi Z.Narzullayev va “Qirg‘iz temiryo‘li” davlat korxonasi rahbari A.Sakiyev o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida yuk tashish hajmlarini oshirish va tarif chegirmalarini qo‘llash masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida asosiy yuklar — ko‘mir, sement va boshqa mahsulotlarni tashishda “Temiryo‘lkargo” AJ yuk vagon parklaridan foydalanish hamda tarozi xo‘jaligi obektlarini ta’mirlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Issiqko‘lga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida
Tomonlar, shuningdek, 2025-yil yozida “Toshkent-Baliqchi (Ribache)” yo‘nalishida turistik poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Bu yo‘nalish ikki mamlakat o‘rtasida turizm aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi hamda Issiqko‘l yo‘nalishida sayyohlar oqimini oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, Qirg‘iziston temiryo‘l xodimlarini “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ markazlarida malakasini oshirish masalasi ham muhokama qilindi va ushbu yo‘nalishda o‘quv dasturlarini tashkil etishga kelishildi.
Avtobus qatnovi
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdan Issiqko‘lga mavsumiy avtobus qatnovlari ham yo‘lga qo‘yilgan bo'lib, qatnovlar yozda haftaning juft kunlarida Yutong avtobuslarida amalga oshiriladi. Chipta narxi 310 000 so‘m.



