$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonning qarzlari zaxiralaridan ham o‘sib ketdi

Qarz

O‘zbekiston davlat qarzi 1-yanvar holatiga ko‘ra 34,9 mlrd dollarni tashkil qilgan. Shundan 29,6 mlrd dollari tashqi qarz bo‘lsa, 5,3 mlrd dollari ichki qarz hisoblanadi. 

Qarz zaxiralaridan ko‘proq

Markaziy bankning bundan avvalgi ma'lumotlariga ko'ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 34 milliard 564,7 million dollarni tashkil etgandi. 1-mart holatiga ko‘ra mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 32,19 milliard dollarni tashkil qilgan. Xorijiy valyuta zaxiralari yanvar oyida 1,44 milliard dollarga, fevralda esa 381,5 million dollarga pasaygan. Natijada, ikki oyda jami pasayish 1,82 milliard dollarni tashkil qilgan. Bundan tashqari, valyuta zaxiralari 7,55 milliard dollarni tashkil etgan. Bu 2023-yil sentyabridan keyingi eng past ko‘rsatkich. Shu tariqa tarixda ilk bor mamlakat qarzi zaxiralaridan ko‘proq bo‘lib turibdi.

Bu qanchalar xavotirli?

Mamlakatda davlat qarzining YAIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi belgilangan. Hozirda bu ko‘rsatkich 38,4 foiz bo‘lib turibdi. Albatta, iqtisodiy qiyin vaziyatdan O‘zbekiston kutilganidan yaxshiroq chiqdi. Buning uchun esa resurs kerak edi. Turli yillarda davlat qarzi quyidagicha bo‘lgan: 

2017 — 11,6 mlrd dollar

2018 — 14,9 mlrd dollar

2019 — 17,8 mlrd dollar

2020 — 23,4 mlrd dollar

2021 — 26,3 mlrd dollar

2022 — 29,2 mlrd dollar

2023 — 34,9 mlrd dollar

Zaxiralarni saqlashdan maqsad nima?

Qisqa va lo'nda qilib tushuntirilganda bu davlatning sug‘urtasi yoki “xavfsizlik yostig‘i”. Zaxiralar dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida favqulodda vaziyatlar uchun saqlab boriladi. Zaxiralar odatda yuqori likvidli, ya’ni tez sotiladigan aktivlarda saqlanadi. Oltin va xorijiy valyuta ushbu talablarga javob beradi — ulardan istalgan vaqtda qarz to‘lash yoki investitsiyalar uchun foydalanish mumkin.