$
 12965.34
-14.82
 14525.07
-81.5
 161.34
-0.29
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga 2025-2026-o‘quv yili uchun nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlanmoqda

dxx qabul

Joriy yilning 10-oktyabr kuni 2025-2026-o‘quv yilida Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha nomzodlarni saralab olish uchun talabgorlarni ro‘yxatga olish boshlanadi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar bermoqda.

10-noyabrga qadar davom etadi

Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga nomzodlarni saralash test sinovlarida ishtirok etish istagini bildirgan talabgorlar my.uzbmb.uz sayti orqali joriy yilning 10-noyabriga qadar onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Nomzodlarni saralab olish Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-apreldagi 241-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Jumladan, akademiyaga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga, qoidaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari bo‘lgan, erkak jinsidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.

Nomzodga qo‘yiladigan talablar

Nomzodlar mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomning 3-bandida belgilangan quyidagi talablarga javob berishlari lozim:

– akademiyaga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga sog‘lig‘i yaroqli deb topilgan bo‘lishi;

– bo‘yi 170 sm dan past bo‘lmasligi;

– o‘n yetti yoshdan yigirma uch yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili o‘n yetti yoshga to‘ladigan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari;

– o‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili o‘n sakkiz yoshga to‘ladigan, ofitserlar tarkibi harbiy unvonlariga ega bo‘lmagan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ma’lumotga ega rezervdagi harbiy xizmatga majburlar;

– o‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ma’lumotga ega, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli va shartnoma asosida harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar;

– yigirma olti yoshgacha bo‘lgan va Akademiyada bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish istagini bildirgan respublika oliy ta’lim muassasalarining 1- va 2-kurs (qabul yilida) talabalari.

Saralab olishning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Akademiyada o‘qishni birinchi kursdan boshlaydi.