$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Kreml yangi taqiq joriy qildi: Putin bilan uchrashuvda soat taqish mumkin emas

Vladimir Putin bilan uchrashishga kirayotgan amaldorlarga yangi cheklov qo‘yilgani aytilmoqda. Avval telefonlarni topshirish majburiy bo‘lgan bo‘lsa, endi qo‘l soatlarini ham yechib kirish talab qilinmoqda. Eng qizig‘i, bu qoida hatto oddiy mexanik soatlarga ham tegishli. Rossiya matbuoti esa Putinning o‘zi ham uchrashuvlarda soatini yashira boshlaganini yozmoqda. 

Xo‘sh, Kreml nega birdan soatlardan xavotir ola boshladi?

Putin huzuriga kirishda yangi taqiq paydo bo‘ldi

Rossiyada Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashuvga kiradigan mehmonlar uchun xavfsizlik talablari yanada kuchaytirilgani aytilmoqda. Endi ular uchrashuvdan oldin nafaqat telefonini, balki qo‘l soatini ham topshirishi kerak bo‘layotgani xabar qilindi. Gap faqat elektron soatlar haqida emas, mexanik soatlar ham shu ro‘yxatga kiritilgan.

Manbalarga ko‘ra, telefonlarni topshirish talabi avvaldan bor edi, endi esa unga soatlar ham qo‘shilgan. Aytilishicha, bu yangi qoida taxminan aprel o‘rtalaridan kuchga kirgan.

Amaldorlar bunga amal qilyaptimi?

Nashr bu da’voni tekshirishga harakat qilgan va Putin bilan uchrashuvga kirgan ayrim amaldorlar rostdan ham soatsiz ko‘ringanini ta’kidlagan. Masalan, Tambov viloyati rahbari Yevgeniy Pervyshov Putin bilan uchrashuvda soatsiz chiqqan. Holbuki, u kundalik hayotda ham, rasmiy tadbirlarda ham, hatto Davlat dumasidagi chiqishida ham soat taqib yurgani ko‘ringan.

Shuningdek, Mordoviya rahbari Artyom Zdunov ham Putin bilan uchrashuvda soatsiz ko‘ringan. Eng e’tiborli misollardan biri esa KamAZ bosh direktori Sergey Kogogin bilan bog‘liq bo‘lgan. Kreml matbuot xizmati 5-may kuni e’lon qilgan videoda uning ikkala bilagida ham soat yo‘qligi ko‘rinadi. Ammo u 2025-yil 22-oktabr kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashganda qo‘lida soat bor edi. KamAZ faoliyatini yoritadigan jurnalist ham Kogogin oddiy hayotda soat taqishini tasdiqlagan.

Bu qoida hammaga birdek ishlamayapti

Manbalarga ko‘ra, bu qat’iy talab Putin atrofidagi eng yaqin odamlarga to‘liq tatbiq qilinmayapti. Ular ham telefonini topshiradi, lekin soat bo‘yicha cheklov hozircha ularga tegmayotgani aytilgan. Ya’ni, Putin bilan uzoq yillik tanishligi bor shaxslar uchun qoidalar biroz boshqacharoq ishlayotgandek ko‘rinadi.

Bunga misol sifatida Rostec rahbari Sergey Chemezov bilan uchrashuv keltirilgan. Uchrashuv kadrlari orqali Chemezovning chap qo‘lida soat borligi ko‘ringan, oddiy amaldorlar va gubernatorlarda esa bunday holat kuzatilmagan. Chemezov bilan Putin 40 yildan ortiq vaqt davomida tanish ekani ham alohida aytilgan.

Nashr yana bir qiziq holatga e’tibor qaratgan. Aytilishicha, Putinning o‘zi ham so‘nggi paytlarda kabinetdagi yuzma-yuz uchrashuvlarda soat taqmay qo‘ygan. Ammo Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bilan uchrashuvda kichik noqulay vaziyat yuz bergan. Taxmin qilinishicha, Putin bu safar soatini yechishni unutib qo‘ygan. Natijada u butun uchrashuv davomida soatini chap qo‘li bilan berkitib o‘tirgan. Bu holat Kremlning RuTube kanaliga joylangan besh daqiqalik videoda aniq ko‘rinadi. Videoning qariyb to‘rt daqiqasida Putin Qodirov va kameralar qarshisida qo‘lini soati ustida ushlab o‘tirgani seziladi.