Rus tili va qonunlarini bilgan muhojirlarga e’tiroz yo‘q — Putin
Vladimir Putin Sochida bo‘lib o‘tgan Valday forumining XXI yillik yig‘ilishining yalpi majlisida migrantlar masalasiga to‘xtaldi.
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Putin rus tili, Rossiya qonunlarini bilgan va hurmat qilgan migrantlarga hech qanday e’tiroz bo‘lmasligini aytdi. Bu haqda u Sochida bo‘lib o‘tgan Valday forumining XXI yillik yig‘ilishining yalpi majlisida gapirdi.
Rossiya rasmiylari birinchi navbatda o‘z fuqarolari manfaatlarini o‘ylashlari zarur
Unga ko‘ra, Rossiya rasmiylari birinchi navbatda o‘z fuqarolari manfaatlarini o‘ylashlari zarur. Uning ta’kidlashicha, bu hatto mamlakatning migratsiya siyosati masalasiga ham tegishli bo‘lib, u rossiyaliklarning manfaatlarini ham aks ettirishi lozim.
Rustilini bilmaydiganlar bilan o‘zaro munosabatlar algoritmi
Bundan oldin Vladimir Putin nafaqat muhojirlar, balki ularning rus tilini umuman bilmaydigan yoki rus tilini yaxshi bilmaydigan farzandlari bilan ham o‘zaro munosabatlar algoritmlarini ishlab chiqishni buyurgan edi. Davlat rahbari federal algoritm doirasida amalga oshiriladigan tegishli takliflarni unga taqdim etishga chaqirdi.
Genom ro‘yxati
Ma’lumot uchun, yaqinda Rossiyada chet el fuqarolariga bepul genom ro’yxatiga turish taklif etiladi. Olingan ma’lumotlar Rossiya federatsiyasi qonunlarini buzgan muhojirlarning mamlakatga kirishiga yo’l qo’ymaslik uchun kelayotgan xorijliklarning shaxsini aniqlashda ishlatiladi.
Rossiya federatsiyasi hukumatiga chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning kirish, chiqish va qolish qoidalarini tartibga solish sohasida tajribalar o’tkazish vakolati berildi. Endi, masalan, migrantlar ixtiyoriy va bepul ravishda davlat genom ro’yxatidan o’tishlari mumkin. Shuningdek, 7-noyabrdan boshlab migrantlar to’g’risidagi ma’lumotlar kirill alifbosida davlat organlarining axborot resurslariga kiritiladi. Lotin yozuvidagi hujjatlaridagi familiyalar va ismlar “rus tiliga o‘giriladi”.
Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinning so’zlariga ko’ra, migratsiya sohasidagi yangiliklar chet elliklarni davlat tizimlarida ro’yxatdan o’tkazishda xatolardan qochishga, ilgari Rossiya federatsiyasi qonunlarini buzgan odamlarni aniqlashga va mamlakatga kiritmaslikka yordam beradi.
Rossiya hukumatiga chet el fuqarolarining Rossiyaga kirishini nazorat qilish uchun yanada ko’proq vakolat berish to’g’risidagi qaror uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan edi. Biz ko’p yillar davomida migratsiyani idoralararo nazorat qilish, muhojirlarning barcha jarayonlarda – bandligi, yashash joylarini to’liq nazorat qiladigan alohida vazirlikni tashkil etish zarurligi haqida gapirinb kelayotgan edik, deydi Rossiya parlamentining xalqaro ishlar qo’mitasi raisi Leonid Slutskiy.
Noqonuniy migratsiyaga qarshi harakatlar Rossiyada tartibni tiklash choralari hisoblanadi xolos, deya aniqlik kiritgan Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenko.
“Biz kimgadir qarshi kurashmayapmiz, biz o’z mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri kerak bo’lgan tartibni tiklayapmiz. Ayniqsa, noqonuniy migratsiya borasida”, deydi Matviyenko.
Uning so’zlariga ko’ra, Rossiya hukumati noqonuniy migratsiya muammosini hal qilishda suveren davlatning harakat tamoyillariga mos keladigan e’tiborli va nozik yondashuvni ishlab chiqqan.



