Axborot siyosati: Rossiya 2024-2025-yillarda propaganda uchun milliardlab mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda
Media quroldir, rus hukumati bu quroldan siyosiy maqsadlar yo‘lida foydalanib keladi. O‘zbekistonda jamoat faollari fuqarolarni rus propagandasidan ogoh bo‘lishga muntazam ravishda chaqirib kelishadi. Xo‘sh, aslida rekord darajada mablag‘ sarflanayotgan bu targ‘ibotning global miqyosdagi asosiy maqsadi nima va undan kimlar manfaatdor?
4 daqiqa o‘qiladi

Propaganda tarix davomida davlatlar qudratini saqlash va jamiyatni boshqarishning muhim vositasi bo‘lib kelgan. Rossiya misolida Sovet Ittifoqida va keyinchalik Putin Rossiyasida ham media xalq ongini rus ideologiyalari bilan to‘yintirishda yoki mustahkamlashda asosiy qurol bo‘lib xizmat qilmoqda.
SSRda propagandaning ahamiyati
Sho‘rolar davrida (1917—1991) davlat media va targ‘ibot organlari sosialistik ideologiyani targ‘ib qilish uchun faol ishlagan. Tashviqotning asosiy vazifasi Kommunistik partiyaning qudratini mustahkamlash, sotsialistik jamiyatning afzalliklarini targ‘ib qilish va fuqarolarning mafkuraviy yaxlitligini ta’minlash edi. O‘sha vaqtlarda "sovet ideologiyasi" xalq ommasiga, ayniqsa ishchilar va dehqonlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, sotsialistik muhitda mehnat va hayot tarzini o‘zida mujassam etgan suratlar, kinofilmlar, ommaviy mitinglar, plakatlar va radio orqali tarqatilgan.
Sovet propagandasi Ikkinchi jahon urushi paytida yanada kuchaydi. Bu vaqtda davlat telekanallari, radiokanallar va gazetalar fashist Germaniyasini “dushman” sifatida yoritishda, sovet xalqining g‘alabasiga ishonchni mustahkamlashda muhim rol o‘ynagan. Mustamlaka xalqlarni urushga chorlash, birlik hissini uyg‘otish maqsadida ko‘pincha siyosiy targ‘ibotlar “Каждый рабочий — боец”, o‘zbekchasiga “har bir ishchi jangchi” shiori atrofida qurilgan bo‘lib, harbiy va mehnat frontlaridagi xizmatni daxlsiz qadriyat sifatida targ‘ib qildi.
Zamonaviy Rossiyaning Sovet Rossiyasidan farqi bormi?
Rossiya Federatsiyasida Vladimir Putin hukumati davrida (2000-yillardan boshlab) davlat mediasining ahamiyati yanada kuchaydi. Putin davrida davlatning axborot boshqaruvi va tashviqot tizimi kuchaytirildi, ko‘plab yirik telekanallar davlat nazoratiga o‘tkazildi, mustaqil jurnalistlar faoliyati cheklandi. Rossiyadagi telekanallar auditoriyasiga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadigan omillardan biri sifatida qolmoqda. Masalan, 2021-yilgi tadqiqotga ko‘ra, aholining 62 foizi televideniyeni asosiy axborot manbayi sifatida ko‘rsatgan.
Rossiya propagandasi bugun nafaqat davlatning ichki siyosatini qo‘llab-quvvatlashga, balki tashqi dunyoga Rossiyaning qudratini va uning “do‘st va dushmanlar”ini aniqlashga qaratilgan. Masalan, Rossiyaning Ukrainadagi urushi paytida davlat telekanallari g‘arb mamlakatlarini va NATOni ayblab, urushni “maxsus harbiy amaliyot” sifatida yoritishdi. Hukumat buni Ukrainadagi “fashist tuzum”ga qarshi kurash deb talqin qildi.
Umuman olganda, mamlakatda uzoq yillar shovinistik propaganda mashinasi tomonidan Ukrainaning davlatchilik tarixi yo‘qligi, millat sifatida mavjud emasligi, Lenin yaratgan sun’iy davlat ekanligi haqidagi cho‘pchaklar rus xalqi ongiga singdirilgan va bugun buning oqibatini butun dunyo ko‘rib turibdi. Urushdagi propagandaning qanchalar ish berayotganini ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ham foydalanuvchilar ikkiga bo‘linib, “putinparastlar” va boshqalarga ajralib qolganidan bilish mumkin.
O‘zbekiston bilan bog‘liq axborot siyosati
Rossiya ko‘p hollarda sobiq sovet mustamlakalari hisoblangan davlatlarning ichki ishlariga aralashib keladi, O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Xususan, o‘tgan oyda Toshkentdagi maktabda o‘quvchiga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha kichik bir voqea Rossiya tomonidan xalqaro darajada katta masala sifatida ko‘tarildi. Rus propagandasi voqeani umuman boshqacha talqin qildi. Ularning iddao qilishicha, O‘zbekistonda rusofobiya kurtak yoyib, ruslarga zulm qilinyapti. Rossiyadagi siyosatchilar voqeaga nisbatan keskin norozilik bildirar ekan, uni millatlararo ziddiyat deb talqin qilishga urindi. Xo‘sh, kichik bir maktab voqeasini millatlararo mojaroga aylantirishga urinishni sobiq sovet davridagi siyosiy uslubning davomi deb atash mumkinmi?
Axborot siyosatida milliarderlarning o‘rni qanday?
“Rossiya oxirgi 20 yilda axborot siyosati uchun misli ko‘rilmagan darajada katta resurs ajratdi. Bugun ham Rossiyada eng katta axborot propagandachilari yirik milliarderlar hisoblanadi. Ular juda boy odamlar. Bu propaganda mashinasi haddan tashqari kuchayayotgan bir paytda biz bor axborot erkinligimizni demontaj qildik”, – degan edi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov intervyularidan birida.
Qayd etilishicha, 2016-yildan keyingi davrda Rossiya hukumatining Google’ga ma’lum qidiruv natijalarini blokirovka qilish, YouTube’ga esa ayrim videolarni olib tashlash bo‘yicha so‘rovlari ko‘payib borgan. Google hisobotlari shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi 10 yil ichida Rossiyaning bu kabi so‘rovlari boshqa har qanday mamlakatlarga nisbatan ko‘proq bo‘lgan va ularning uchdan bir qismi “milliy xavfsizlik” bilan bog‘liqligi aytilgan.
Rossiya 2024-2025-yillar uchun propagandaga rekord darajada mablag‘ sarflamoqda
Rossiyada sovet davridan beri misli ko‘rilmagan quvvatda ishga tushirilgan davlat targ‘ibot mashinasi rossiyalik soliq to‘lovchilarga tobora qimmatga tushmoqda, deb yozmoqda Ozarbayjonning Haqqin.az nashri. 2024-2025 yillarda Rossiya hukumati propagandaga rekord darajada mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda. Davlat axborot vositalarini va targ‘ibot kanallarini qo‘llab-quvvatlash uchun 137,2 milliard rubl ajratilishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich joriy yilga nisbatan 13 foizga o‘sgan.
Nashrga ko‘ra, bugun “Russia Today” va “VGTRK” kabi asosiy media gigantlari uchun millionlab rubl sarflanadi, bu Rossiyaning global media strategiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ular xorijda Rossiya siyosati va pozitsiyalarini targ‘ib qiladi. Bu televideniye va internet orqali keng tarqatilib, va ayniqsa, Yevropa va Amerika mamlakatlarida dezinformatsiya kampaniyalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda .



