$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

“Lazgi” muzeyi, shahar bo‘ylab “sayr”, keti-ketiga ulangan videoselektorlar: Prezident mart oyida nimalar qildi?

Шавкат Миромонович Мирзиёев Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Prezident Президент


2024-yil mart oyi jahon sahnida ham, yurtimizda ham turli voqeiyliklarga boy bo‘ldi. Shu jumladan, davlat rahbari ham respublika bo‘ylab turli tashriflarni amalga oshirdi. Quyida shu hodisalarni bir postga jamladik.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat bo‘ylab tashriflari va videoselektorlari:

 

1.   “Lazgi” muzeyi. Davlat rahbari mart oyining boshidan Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonning Amudaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Soat kunduzgi 11 larda boshlangan katta majlis qariyb 4 soatlar davom etgan. Tashrifdan maqsad ijtimoiy-iqtisodiy sohalar bilan tanishish, yangi qurilayotgan obyektlarni ko‘zdan kechirish bo‘lgandi va birinchi asosiy yig‘ilish Xorazmda tashkil etildi. Bu yig‘ilishda Prezident hududlarga 1.1 milliard dollar va 10 trillion so‘m yo‘naltirilishini ta’kidlagan. Jumladan biznesni rivojlantirish sohasiga imtiyozli shartlarda 100 million dollar ajratilishini aytib o‘tgan edi. Yana Urganchda “Lazgi” va “Avesto” muzeylarini tashkil etish va Xorazm taomlarini dunyoga tanitish maqsadida 24 soat ishlaydigan oshxonalar ochish taklifi ham berilgan.

 


2.   Shahar bo‘ylab “sayr”. 5-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi sport ta’limi, savdo va xizmat ko‘rsatish uchun ochilgan yangi obyektlarni ko‘zdan kechirdi. Hech qanday katta yig‘ilishlarsiz o‘tgan bu kichik tashriflarda Davlat rahbari sportchilar Bahodir Jalolov (bokschi) va Oksana Chusovitinaning (gimnastikachi) shaharda joylashgan yangi sport maktablariga tashrif buyurdi. Bundan tashqari Prezident xalq tilida “Fayzobod GAI” nomi bilan tanilgan joyda qurilgan avto-diagnostik markazni ko‘rdi va ilk shu yerda mashinalarga ekostikerlar (qizil, sariq, yashil) berilishi haqida gapirgan edi. Bloger Xushnudbek buni “inqilobiy qaror” deb atagandi. Shu bilan “sayr”ning davomi hozir ko‘pchilik tilida aylanayotgan Tashkent City Mall savdo-ko‘ngilochar markazi bilan tanishish va u yerda IMAX formatidagi kinoteatrda qisqa kino tomoshasi bilan yakunlangandi.

3.   “Bugun hali tugamadi”. Bu safargi manzil Sirdaryoning Sayxunobodi. Borish transporti Afrosiyob tezyurar poyezdi bo‘ldi va unda Davlat rahbari boshqa bir sohaning rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan samimiy suhbatlashgan. Shundan so‘ng manzilga yetgach deyarli 5 soatlik videoselektor boshlandi. Unda juda ko‘p masalalar ko‘tarildi va mahallalarga borib o‘rganildi. Qizig‘i, selektorning keti-ketiga ulanib ketgan. Bu haqida Bankir kundaligi Telegram blogi Prezidentdan keyin vazir butun Respublikaga yig‘ilish qilib, tuman-shahar bankirlarini yig‘ib olganini yozgan. Bundan tashqari boshqa tizim rahbarlari ham hokimyatlarda majlisda o‘tirgani aytilgan va “Bugun hali tugamadi” deb post joylagan edi.

 

4.   Yana selektor. Putinni Prezident saylovida yutgani bilan tabriklagan Shavkat Mirziyoyevning bu safargi selektori qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida investitsiyalarni jalb qilish va eksportni ko‘paytirish masalalari yuzasidan bo‘ldi va ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish tanqidlar va takliflarga boy bo‘ldi. Shundan so‘ng 3 ta uyushma raislari, jumladan “O‘zcharmsanoat”, “O‘zto‘qimachilik sanoat” va “Gul yetishtiruvchilar uyushmasi” boshliqlari o‘z lavozimlaridan ozod etilgan.

 

5.   Sumalak kovlagan Mirziyoyev. Prezident bu safar Toshkent shahrida joylashgan  sanoat obyektlariga bordi va mahallalardagi obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishdi. Shahardagi Quyuv-mexanika zavodi, Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi, nogironligi bor bolalar uchun mo‘ljallangan 1-sonli “Muruvvat” internat uyi shular jumlasidan. Yana Sergelidagi Yoshlar bog‘ida Davlat rahbari ko‘chat ekdi va Yakkasaroydagi Dilbuloq mahallasiga tashrif buyurib, sharoitlar bilan tanishgan. O‘sha yerda sumalak pishirishda ham qatnashgan.

 

6.   Namangandagi iftorlik va Alisher Usmonov. Oyning oxirgi tashrifi Namangan viloyatiga bo‘ldi. Birinchi kunda Davlat rahbari Namangandagi “Gavhar Group” tillani qayta ishlash va zargarlik korxonasiga tashrif buyurgan. Bundan tashqari Namanganda yangi,  umumiy quvvati 500 mWt, qiymati 350 million dollarlik quyosh elektrostansiyalarining qurilishini boshlab berdi.  Keyin Prezident boshchiligida Namangan shahrida joylashgan bog‘da iftorlik dasturxoni yozildi. Unda Qur’on tilovati va muftiy tomonidan iftorlik duolari o‘qildi, yaxshi niyatlar qilindi. Aynan o‘sha vaqtda Namanganda rossiyalik o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov ham bo‘lgan va iftorlik dasturxonida faxriy mehmonlar qatorida ishtirok etgan. Bu haqida rasmiy ma’lumotlar berilmagan bo‘lsa-da, “O‘zbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan lavhadan buni bilishimiz mumkin. Tashrifning ertasi kuni Prezident tomonidan Namangan viloyatining imkoniyatlarini ishga solish masalalariga bag‘ishlangan 3 soatdan ko‘proq davomiylikdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda turli masalalarga yechimlar va takliflar berildi, mutasaddilarning javoblari eshitildi.

 

7.   Oyga yakun yasagan videoselektor. “Yashil makon” ekologik loyihasiga bag‘ishlangan yig‘ilish oyning oxirgi selektori bo‘ldi. Videoselektor bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish va chiqindilar bilan ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish masalalari atrofida bo‘ldi. Unda Kasbi, Qarshi, To‘raqo‘rg‘on tuman hokim o‘rinbosarlari ishdan olindi, ushbu tuman hokimlari, 6 ta viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari va yana boshqa rahbarlarga nisbatan “hayfsan” berilgan. Bundan tashqari barcha ekologiya boshqarmalari boshliqlariga sinov muddati tayinlangan.