"O‘zbekiston temir yo‘llari": Yuqori tezlikdagi poyezdlar chiptalari narxi yana oshiriladi
2025-yil 1-fevraldan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlarning VIP, Biznes toifadagi chipta narxlari 25% ga, Ekonom toifadagi chipta narxlari 20% ga hamda tez yurar yo’lovchi poyezdlar "Sharq", "Nasaf" va "O‘zbekiston" poyezdlarning chipta narxlari 30% ga oshirilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston temir yo‘llarida yo‘lovchi tashish xizmatlari bozor tamoyillariga o‘tkazilmoqda. "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yangi narx siyosati joriy qilinmoqda. 2025-yil 1-fevraldan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" va tezyurar yo‘lovchi poyezdlar chiptalari narxi oshiriladi.
Chipta narxi qanday o‘zgaradi?
"Afrosiyob" elektropoyezdi chiptalari toifalarga qarab quyidagicha oshiriladi:
VIP va Biznes toifa chiptalari 25% ga;
Ekonom toifa chiptalari 20% ga.
Tezyurar yo‘lovchi poyezdlar ("Sharq", "Nasaf", "O‘zbekiston") uchun chipta narxlari 30% ga oshadi.
Yangilangan chipta narxlari
"Afrosiyob" elektropoyezdi yo‘nalishlari:
Toshkent — Buxoro
- VIP: 994 000 so‘m
- Biznes: 751 000 so‘m
- Ekonom: 484 000 so‘m
Toshkent — Qarshi
- VIP: 854 000 so‘m
- Biznes: 634 000 so‘m
- Ekonom: 406 000 so‘m
Toshkent — Samarqand
- VIP: 619 000 so‘m
- Biznes: 450 000 so‘m
- Ekonom: 294 000 so‘m
Nima sababdan narxlar oshirilmoqda?
Narxlarning oshirilishi temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, elektr energiyasi va yoqilg‘i xarajatlarini qoplash, logistika va transport xarajatlarini tartibga solish, shuningdek, yo‘lovchi vagonlarini yangilash, yangi elektropoyezdlar xarid qilish va vokzallarni zamonaviy talablarga mos holda saqlash maqsadlariga qaratilgan.
Tariflarni bozor tamoyillari asosida tartibga solish
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-329-sonli Qaroriga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab yuqori tezlikdagi va tezyurar yo'nalishdagi poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechish, shuningdek, ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o'tildi.



