$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

2025-yil 19-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

19-yanvar dayjesti

Misr kompaniyasi O‘zbekistonda farmasevtika sohasida qo‘shma loyihani amalga oshiradi

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutasaddilari va Misrning “ACDIMA farmasevtika kompaniyalar guruhi rahbari Ulfat Gʻurab hamda mazkur guruh tarkibidagi korxonalar rahbarlari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Muloqot chog‘ida mazkur kompaniya delegatsiyasining 2024-yil 23-25-dekabr kunlari O‘zbekistonga qilgan safari natijalari, o‘zbek tomoni bilan erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi muhokama qilindi. Shuningdek, kompaniya dori vositalari va mahsulotlarini mamlakatimizda ro‘yxatdan o‘tkazish, farmasevtika bozoriga kirish, biznes faoliyatini boshlash bilan bog‘liq huquqiy-tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Misr tomoni O‘zbekiston farmasevtika bozorini tahlil qilish natijalariga ko‘ra, har yili mamlakatga qiymati 1 milliard dollarlik 55 turdagi dori vositalari import qilinishini ma’lum qildi.

 21-Xalqaro Jautikov Olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 19 ta medalga sazovor bo‘ldi

13-17-yanvar kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida matematika, fizika va informatika fanlaridan 21-Xalqaro Jautikov Olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 20 mamlakatidan 700 ga yaqin o‘quvchi ishtirok etgan ushbu olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi katta muvaffaqiyatga erishdi. O‘zbek yoshlari 2 ta oltin, 5 ta kumush, 12 ta bronza – jami 19 medalni qo‘lga kiritdi. Xususan, matematika fanidan “Artel Technical School” nodavlat ta’lim muassasasining 11-sinf o‘quvchisi Asadbek Boboqulov hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi Elbek Zohidjonov oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi o‘tgan yilgi 20-Xalqaro Jautikov Olimpiadasida jami 14 ta medalga sazovor bo‘lgan edi.  

Urganch davlat universitetiga Abu Rayhon Beruniy nomi berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, Urganch davlat universitetiga buyuk olim Abu Rayhon Beruniy nomi berildi. Ushbu qaror yosh avlodni ilm-fan va innovatsiyaga qiziqishini kuchaytirish, shuningdek, Beruniy merosini keng targ‘ib qilishga qaratilgan. Universitet rahbariyati yangi nom ostida xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va talaba-o‘qituvchi almashinuv dasturlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Oliy Majlis Senati vakillari bu qarorni universitetning xalqaro maydondagi nufuzini oshiruvchi muhim qadam sifatida baholashdi.

Toshkentda boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi chempionat o‘tkaziladi

21-28-yanvar kunlari Toshkentda boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tadi. Milliy Olimpiya qo‘mitasining xabariga ko‘ra, musobaqalar Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida tashkil etiladi. Ertaga musobaqaning texnik qo‘mita yig‘ilishi, qur’a tashlash marosimi va matbuot anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Теги :
Jamiyat