$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 15-iyulning eng muhim voqealari dayjesti

positive-24-7-15

O‘zbekistonning eng yirik 20 soliq to‘lovchilari

Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yilning yanvar-may oylarida 2187 nafar yirik soliq to‘lovchi tomonidan 52 trillion 48 milliard so‘m soliq to‘langan. Shundan 25,7 trillion so‘mi davlat ulushiga ega 10 ta yirik soliq to‘lovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu summaning deyarli yarmi NKMK (11,4 trillion so‘m) hissasiga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda OKMK (3,9 trillion so‘m), "Uzgastrade" (2,1 trillion so‘m) va "Hududgazta’minot" (2 trillion so‘m) kompaniyalari turibdi. 4 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ xususiy sektordagi 10 ta yirik soliq to‘lovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Urganch aeroporti vaqtinchalik yopildi

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi barcha yo‘lovchilarni Xalqaro Urganch aeroporti rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish uchun 20-iyuldan 7-avgustgacha vaqtinchalik yopilishi sababli rejalashtirilgan reyslarning bir qismi Nukus xalqaro aeroportiga ko‘chirilishi haqida ogohlantirdi. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Uzbekistan Airports” aviakompaniyasi tomonidan Urganch va Nukus o‘rtasida avtobus aloqasi yo‘lga qo‘yildi.   

Triatlonchilarimiz Osiyo kubogida sovrindor bo‘lishdi

Malayziyaning Kampar shahrida triatlon bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo kubogida mamlakatimiz sportchilari 2 ta medalga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Diana Bektemirova o‘smirlar toifasidagi musobaqalar yakuniga ko‘ra, bronza medaliga ega chiqqan bo‘lsa, o‘smirlar toifasining aralash estafeta musobaqalarida yurtimiz sharafini himoya qilgan Diana Bektemirova, Dayana Lukiyenko, Yegor Yegorov, Muhammadyusuf Abduxalilovdan iborat to‘rtlik ham qit’a kubogining bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Oliy darajadagi kelishuvlar muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan telefon orqali muloqot qildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari, shu jumladan Malayziya Bosh vazirining joriy yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning bajarilishi ko‘rib chiqildi. Sanoat, "yashil" energetika, neft-kimyo, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda yetakchi kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.