2024-yil 6-iyunning eng muhim voqealari dayjesti
Maqom san’ati anjumani, WADA o‘zbek tilida, pillakorlarlar muvaffaqiyati, prezidenti Turkiya aerokosmik kompaniyasida — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Prezidenti Turkiya aerokosmik kompaniyasida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqara shahriga rasmiy tashrif doirasida 6 iyun kuni “Turkish Aerospace Industries Inc.” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.
Davlat rahbariga kompaniya mahsulotlari namunalari, ishlab chiqarish jarayoni va xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy hamkorlik natijalari taqdimot qilindi.
Pillakorlar muvaffaqiyati
Buxoro viloyati “kumush tola” ijodkorlari pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy rejani uddalashdi.
Joriy yilgi mavsumda viloyat tumanlarida 5 ta pillachilik klasteri va uzoq yillik tajribaga ega pillakorlar tomonidan 48 ming 877 quti ipak qurti parvarishlandi. 3 ming 143 tonna o‘rniga 3 ming 158 tonnaga yetkazib pilla xom ashyosi olindi va belgilangan reja 100,5 foizga bajarildi. Bu sa’y-harakat tufayli 119 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi. Ular oz emas, ko‘p emas, naqd 130 milliard so‘m daromad ko‘rdi.
WADA tizimida o‘zbek tili
Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning ADEL platformasiga “Parij-2024” Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari uchun antidoping qoidalarining o‘zbek tilidagi varianti yuklandi.
Endilikda mamlakatimiz sportchilari, murabbiylar va sport jamoatchiligi vakillari, shuningdek, dunyoda o‘zbek tilida so‘zlashuvchi barcha insonlar WADA kommunikatsiya tizimlarining tegishli havolasi orqali yozgi Olimpiya o‘yinlarida dopingdan himoyalanish xususidagi ma’lumotlar, kerakli dasturlar bilan tanishishi, zarur ko‘rsatmalarga ega bo‘lishi mumkin bo‘ladi.
Xalqaro maqom san’ati anjumani
Shu oyning 27–30 iyun kunlari Jizzaxning Zomin tumanida "II Xalqaro maqom san’ati anjumani" bo‘lib o‘tadi.
Sharq musiqashunosligida alohida o‘rin tutadigan ushbu yo‘nalishni yanada rivojlantirish, jahonda o‘zbek mumtoz san’ati namunalarini keng tanitish maqsadida tashkil etiladigan festival bugun O‘zbekiston va dunyo jamoatchiligining e’tibori markazida.
Shu sababli “Aloqa tarixi muzeyi” majlislar zalida “O‘zbektelekom” aksionerlik kompaniyasi xodimlari uchun maqom san’ati vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Aytish kerakki, rejada mazkur tadbirlarni yana 33ta yirik tashkilot va korxonalar jamoasi o‘rtasida o‘tkazish belgilab olingan.



