Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 95 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +16° kechasi +9°

2024-yil 5-iyunning eng muhim voqealari dayjesti

100 million dollarlik kelishuv, ot sportidan yutuqlar, bolalarni ovqatlantirish muhokamasi, yangi xalqaro mukofot ta’sis etildi— kunning eng muhim xabarlari.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 5-iyunning eng muhim voqealari dayjesti

Xalqaro mukofot ta’sis etildi

Prezidentning "Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risidagi" qarori e’lon qilindi. 

Qarorga ko‘ra, xalqaro mukofot uchun tanlovlar 2025-yildan boshlab, har ikki yilda bir marta o‘tkazilib, 6 ta yo‘nalishda g‘oliblari aniqlanadi.

Bog'chalarda bolalarni ovqatlantirish holati muhokama qilindi

Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisida Andijon viloyatida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarni ovqatlantirish holati muhokama etildi.

2023-yilning 1-sentyabrdan yurtimizning barcha hududlaridagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bog‘chalar uchun taomlar retsepti to‘plamidan foydalangan holda tuzilgan 10 kunlik Yagona mavsumiy taomnoma asosida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish tashkil etilgan.

Majlisda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarni ovqatlantirish masalasi yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari ham eshitildi. Senatorlar tomonidan sohada mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Ot sportidan yutuqlar

Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha “Emerald Stables Cup” xalqaro turniri boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan oʻzbekistonlik chavandozlar yuqori natijalarni qayd etishdi. Xususan, hamyurtlarimiz turnir davomida 1 ta kumush va 2 ta bronza medallariga sazovor boʻlishdi.

Kumush medal:

Bekzod Qurbonov (“Santo Hippica” laqabli otda), 130 sm toʻsiq balandligi;

 Bronza medal:

Xurshidbek Alimjonov (“Champions League”), 130 sm

Xurshidbek Alimjonov (“Champions League”), 135 sm.

O‘zbekiston va Turkiya 100 million dollarlik kelishuv

 3-4 iyun kunlari Istanbul shahrida O‘zbekiston-Turkiya to‘qimachilik biznes- forumi bo‘lib o‘tdi.

100 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etgan ushbu tadbirda to‘qimachilik sohasida erishilgan natijalar sarhisob qilindi va kelgusida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. 

Uchrashuv natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida Turkiya kapitali ishtirokida navbatdagi 100 million dollarlik uy to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida shartnoma imzolandi.