2024-yil 4-iyunning eng muhim voqealari dayjesti
Tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladigan hududlar, Anvar Anvarov Pragada medal sohibi, O‘zbekiston – Turkiya strategik munosabatlari, Issiqko‘lga avtobus qatnovlari — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Issiqko‘lga mavsumiy avtobus qatnovlari
Transport vazirligining xabar berishicha, joriy yil 10 iyundan boshlab Toshkent shahridan Qirg‘izistonning Cho‘lponota (Issiqko‘l) kurort shahrigacha mavsumiy avtobus qatnovlari boshlanadi. Qatnovlar oyning juft kunlarida (kunora) Yutong avtobuslarida amalga oshiriladi. Avtobus soat 15:00 da Toshkent avtovokzalidan jo‘naydi. Chipta narxi 300 ming so‘m etib belgilangan. Qatnovlarni “Uzautotrans Service” MCHJ amalga oshiradi, shuningdek, kompaniya mazkur yo‘nalishda buyurtma qatnovlarini ham bajaradi.
O‘zbekiston – Turkiya strategik munosabati
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov Turkiya Respublikasi poytaxtida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – Turkiya strategik munosabatida kelajak uchun umumiy istiqbol” mavzusiga bag‘ishlangan simpoziumda ishtirok etdi.
Milliy kutubxonada bo‘lib o‘tgan yirik tadbirda Prezident Administratsiyasi vakillari, ikki davlat vazirlik, idoralar rahbarlari, yetakchi siyosatshunoslari, ekspertlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalasini muhokama qilish, konseptual yechimlar ishlab chiqish maqsadida yig‘ildi.
Savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ekspertlar fikri, aniq takliflar ilgari surildi.
Anvar Anvarov Paragada medal sohibi
Chexiyaning Praga shahrida o‘tkazilgan "Josef Odlozil Memorial" xalqaro turnirida hamyurtimiz Anvar Anvarov uzunlikka sakrash bahslarida shohsupaga ko‘tarildi.
Mazkur musobaqada Chexiya, O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Hindiston, JAR, Urugvay va Jazoir kabi bir qator mamlakatlardan kelgan atletlar g‘oliblik da’vosida bahslarga kirdi. Uzunlikka sakrash dasturida Anvar Anvarov kumush medalga sazovor bo‘ldi. Ushbu bahslarning oltin medali mezbonlar vakili Petr Mayndlshmidga nasib etgan bo‘lsa, JAR sharafini himoya qilgan Rusval Samaay bronza medaliga ega chiqdi.
5 ta tumanda tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi
“Hududgaz Poytaxt” GTF xabar berishicha, ta’mirlash ishlari tufayli Yunusobod, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli va Yangihayot tumanlarining bir qator hududlarida 4 iyun kuni tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi.
– Yunusobod tumanida soat 10:00 dan 18:00 gacha: “Matonat” MFY,
–Shayxontohur tumanida soat 10:00 dan 18:00 gacha: “Labzak” MFY Bahor ko‘chasi,
–Mirzo Ulug‘bek tumanida soat 10:00 dan 17:00 gacha: M.Riyoziy, S.Mashhadiy va Mahtumquli ko‘chalarida,
– Sergeli tumanida soat 11:00 dan 17:00 gacha: Sergeli 6a mavzesi, “Eshonbuloq” MFY Muqanna ko‘chasi,
–Yangihayot tumanida soat 14:00 dan 17:00 gacha: “Yangi Darxon” MFY tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi.



