$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 30-mayning eng muhim voqealari dayjesti

Positive-24-5-30

Donorlik aksiyasi

Ba’zan inson hayotini saqlab qolishda oz miqdordagi toza qon hal qiluvchi omilga aylanadi. Bir necha tomchi qon bemor insonning tezroq sog‘ayishiga, oyoqqa turishiga ko‘mak bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda donorlik har qanday inson qilishi mumkin bo‘lgan oddiy, ammo qahramonlikka teng ezgu ishdir. 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan «Bor mehrimiz senga, bolajon!» shiori ostidagi navbatdagi donorlik aksiyasi o‘tkaziladi. Aksiya 31-may kuni soat 9:00 dan 16:00 gacha Respublika qon qo‘yish markazida hamda uning barcha hududiy bo‘limlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Oromgohlarda bolalar qamrovi kengaytiriladi

Shu yil 29-mayda Prezidentimizning “Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam oladigan bolalar qamrovini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni jalb etgan holda belgilangan statsionar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida o‘zaro manfaatli hamkorlik loyihalari amalga oshiriladi. Jumladan, oromgohlar hududining bir qismida yangi binolarni qurish yoki mavjud binolarni ta’mirlash va jihozlash sharti bilan oromgohlar bino-inshootlari va yer uchastkalarining bir qismini 15 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga berish, oromgohlar hududida yangi binolarni qurish yoki mavjud binolarni ta’mirlash va jihozlash sharti bilan oromgohlar bino-inshootlari va yer uchastkalarini yozgi mavsumdan tashqari paytda foydalanish uchun 10 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga berish, oromgohlar hududida yangi binolarni qurish yoki mavjud binolarni ta’mirlash va jihozlash, shuningdek, yozgi mavsum paytida oromgohlar tashkil etish sharti bilan oromgohlar bino-inshootlari va yer uchastkalarini 10 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga berish nazarda tutilgan.  

Humoyun Sultonov Serbiyada chorak finalda

Serbiyada Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan erkaklar o‘rtasida o‘tkazilayotgan musobaqada hamyurtimiz Humoyun Sultonov ikkinchi davraga chiqdi. Turnirda birinchi raqam ostida saralangan Humoyun yakkalik bahslarining ilk davrasida britaniyalik raqibi Ali Habib bilan raqobatlashdi. Uchrashuvda hisob 6:2, 4:2 bo‘lib turgan bir vaziyatda Ali noma’lum sababga ko‘ra o‘yinni davom ettirishdan bosh tortdi va mag‘lubiyatini tan oldi. Endi H.Sultonov ikkinchi davrada yaponiyalik Hayato Matsuokoga qarshi kortga chiqadi.  

Farmatsevtika sohasida yangi loyiha

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va AQSh Xalqaro Taraqqiyot agentligi (USAID) hamkorligida “Osiyo mamlakatlarida farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berish zanjirini diversifikatsiyalash” dasturiy faoliyati ishga tushirilmoqda. Qayd etilishicha, ikki yil davom etadigan, 2,5 million dollarlik mazkur loyiha sohani mahalliy darajada tartibga solish, ishlab chiqarishni kuchaytirish, mahalliy texnologiya darajasi va ishchi kuchi kasbiy mahoratini oshirish hamda sohaga investitsiya jalb qilish imkonini beradi. Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan dori preparatlari milliy va xalqaro sifat standartiga javob berishini ta’minlaydi.