2024-yil 20-mayning eng muhim voqealari dayjesti
8 million tonna yirik sement ishlab chiqarish, 1-bolalar forumi, Parkentda “IT-shaharcha” qurilmoqda, sun’iy intellektga asoslangan ma’lumotlar markazi — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

8 million tonna yirik sement ishlab chiqarish
Mamlakatimizda sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 38 ta korxona mavjud bo‘lib, bugungi kunda ularning yillik quvvati 35,3 million tonnaga yetkazilgan.
Joriy yilning yanvar-aprel oylarida respublika bo‘yicha jami 4,8 million tonna sement ishlab chiqarilgan. Bunda o‘sish sur’ati 119,3 foizni tashkil etgan.
2024 yil yakuni bilan yiliga 8 million tonna yirik sement ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi va respublika bo‘yicha jami quvvatlar qariyb 40,8 million tonnaga yetkaziladi.
1-bolalar forumi
Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar oromgohi”da O‘zbekiston bolalar tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan Respublika bolalar forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bolalarni milliy g‘oya asosida Vatanga sodiq farzand etib tarbiyalash, ularning huquq-manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish, iste’dod va qobiliyatlarini namoyon qilishlari hamda rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan forumda 196 nafar hududiy Sardorlar kengashi a’zolari va 100 nafarga yaqin Respublika bolalar forumi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan faol bolalar ishtirok etmoqda.
Parkentda “IT-shaharcha” qurilmoqda
Toshkent viloyati Parkent tumanining Samsarak qishlog‘ida “Villayat Samsarak: CREATIVE ECO IT VILLAGE” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ushbu hududda tashkil etilishi rejalashtirilgan “IT-shaharcha” qurilishiga start berildi.
Unda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
“IT- shaharcha” hududda yoshlar o‘z kasbini topishi, rivojlanishi va atrof-muhit bilan uyg‘unlikda yashash orqali jamiyatga o‘z hissasini qo‘shishi, ushbu sohani yanada rivojlantirish uchun noyob makon bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Sun’iy intellektga asoslangan ma’lumotlar markazi tashkil etiladi
O‘zbekistonda barqaror va sun’iy intellektga asoslangan ma’lumotlar markazlarini tashkil etish hamda O‘zbekistonni IT markazga aylantirish bo‘yicha fikrlar muhokama qilinmoqda.
Mazkur yo‘nalishda AQSH, Yevropa mamlakatlari, Malayziya va Filippin davlatlarining tajribasi bo‘yicha fikrlar almashildi.



