Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 93 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +18° kechasi +9°

2024-yil 16-mayning eng muhim voqealari dayjesti

“O‘zbekneftgaz” AJ va “Baker Hughes” kompaniyalari, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi yangi rahbari, ekoturizm ob’ektlari tashkil qilinadi, Botir Zokirov haykali — kunning eng muhim xabarlari.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 16-mayning eng muhim voqealari dayjesti

UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi yangi rahbari

Regina Mariya Kastijio Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari sifatida ish boshladi.

 Ushbu lavozimga tayinlanishidan avval Kastijio xonim ayni vazifani Xorvatiyada va Paragvayda ham bajargan. 2016 yilgacha Boliviya, Ekvador va Peruda UNAIDS direktori, Shveysariyada ushbu tuzilmaning xususiy sektor bilan hamkorlk bo‘limi rahbari va BMT Bosh kotibi Kofi Annan Ijroiya ma’muriyatida Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha mas’ul xodim bo‘lib ishlagan.

USAID bilan hamkorlikda ekoturizm ob’ektlari tashkil qilinadi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti rahbari Zokir Rahimov va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) vakili, Biznesni qo‘llab quvvatlash loyihasi rahbari Milo Stevanovich o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Namangan viloyatidagi Pop milliy tabiat bog‘ida ekoturizmni barqaror rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Xususan, milliy bog‘da tashrif markazi, eko yo‘laklar tashkil qilish va sayyohlar uchun boshqa qulayliklar yaratishga ham e’tibor qaratildi.  

 Botir Zokirov haykali o'rnatildi

Toshkent shahrida milliy estrada san’ati asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.

Botir Zokirov 1936-yilda san’atkorlar oilasida tug‘ilib, voyaga yetgan. 29 yoshida O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. 2000-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” va 2021-yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.

“O‘zbekneftgaz” AJ va “Baker Hughes” kompaniyalari hamkorligi

O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalar o‘z ishini yakunlamoqda.

Ko‘rgazma doirasida bir qator muzokaralar tashkil etilib, kelishuvlarga erishilmoqda.  

Haftalikning ikkinchi kuni “O‘zbekneftgaz” AJ va “Baker Hughes” kompaniyasi o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar ana shunday tadbirlardan biridir.  

Tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, ular “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zLITIneftgaz” AJ va “Baker Hughes” mas’ul texnik mutaxassislaridan iborat ishchi guruhini tuzish hamda gaz turbinali dvigatellarni elektr yuritmali dvigatellarga almashtirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish masalasi haqida so'z yuritildi.